Xalq mard oʻgʻlonlarini hech qachon unutmaydi
Marhum urush va mehnat faxriysi Abdunazar ota Turdiyevni Sirdaryo viloyatida koʻpchilik yaxshi taniydi.
U kishi Ikkinchi jahon urushi yillari yaʼni 1941-yildan 1962-yilgacha Guliston tumanidagi «Krasnaya zarya» hozirgi «Uch qahramon jamoa xoʻjaligida rais boʻlib ishlagan.
Abdunazar ota 1943-yilning yanvarida Qizil Armiyaning harbiy havo va tank qoʻshinlarini mustahkamlashga oʻzining shaxsiy jamgʻarmasidan 50 ming rubl pul mablagʻini topshirgan. Oradan koʻp vaqt oʻtmay shaxsan Bosh Qoʻmondon oʻrtoq Stalin unga tashakkurnoma yoʻllagan. Oʻsha paytlar Stalindek hukumat rahbaridan bunday noma olish baxti har kimga ham “nasib” qilavermagan. Sirdaryoliklarning yoshi ulugʻ aholisi hozirgacha Abdunazar otani “Stalindan tashakkurnoma olgan rais buva” deb eslab qoʻyadi. Abdunazar ota Turdiyevni Mirzachoʻlni oʻzlashtirishdagi,choʻlda paxta yetishtirishni yoʻlga qoʻyish, Rizamat otadek mashhur bogʻbonlarni jalb qilib bogʻlar yaratishda, suv keltirishda, viloyatda birinchilardan boʻlib kolxozga elektr energiyasi olib kelishda, yoʻl qurilishida, ijtimoiy obyektlar, maktab, bogʻcha, klub, shifoxona, paxta qabul qilish punkti, chorvachilik komplekslari, xoʻjalik aʼzolariga uy-joylar qurib berishdagi zahmatli mehnatlarini hanuzgacha xalq unutgani yoʻq.
Abdunazar ota «Krasnaya zarya» jamoa xoʻjaligiga rahbarlik qilgan davrda uch nafar xoʻjalik aʼzolari Muzaffar Zokirov, Lolaxon Erboʻtayeva, va Abdurahmon Sultonovlar oʻsha davrdagi sobiq SSSRning oliy mukofoti- Sotsialistik Mehnat Qahramoni unvoniga sazovor boʻlgan. Hozirda ularning nomiga boʻlgan ehtirom tufayli xoʻjalik nomi Uch qahramon deb yuritiladi. Afsonaviy raisning mehnatlari oʻsha davrlarda hukumat tomonidan munosib taqdirlangan. U ikki marta SSSRning oʻsha paytdagi oliy – Lenin ordeni, Hurmat belgisi ordeni va koʻplab medallar, faxriy yorliqlar va tashakkurnomalar bilan taqdirlangan.
Abdunazar ota 1936-yillar Joniqiz ona Turdiyeva bilan turmush qurib, 63 yil birga ibratli umr kechirib, 10 nafar farzandni tarbiyalab, ularning barchasini oliy maʼlumotli kelib, el xizmatiga qoʻydi. Hozirgi kunda ularning zurriyotlari nevara, chevara, evaralarning soni 200 nafardan oshgan. Joniqiz ona Turdiyeva ham “Qahramon ona” unvoni sohibasi boʻlib tarixga muhrlandi. Abdunazar ota 1999-yilning 15-fevral kuni 82 yoshida vafot etdi.
Lekin u kishining xotirasi yurtdoshlari qalbidan hech qachon oʻchmaydi. 2017-yilning yozida Abdunazar ota Turdiyevning farzandlari, qarindoshlari va yurtdoshlari uning 100 yoshlik yubileyini munosib tarzda nishonladi. Afsonaviy rais haqida uning bosib oʻtgan umr yoʻllari, front ortidagi mashaqqatli mehnatlari, fidoiyligi haqida hikoyalar, telekoʻrsatuvlar va hujjatli film yaratilgan.
Shuhrat Suyarov, OʻzA