“Xalq bilan birga” umummilliy loyihasi boshlandi
O‘zLiDeP tomonidan ilgari surilgan “Xalq bilan birga” umummilliy loyihasi Qoraqalpog‘iston Respublikasida To‘rtko‘l tumanidan boshlandi.
Loyihaning “Yurakka yo‘l” aksiyasi doirasida tumanning Nurli yo‘l, Ullubog‘ mahallalari hududidagi 40 ga yaqin xonadon qamrab olindi. Partiya faollari, O‘zLiDePdan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va mahalliy Kengash deputatlari, tadbirkorlar hamda tegishli tashkilotlar vakillaridan iborat ishchi guruh tomonidan aholi xonadonlariga tashrif buyurilib, ularning yashash sharoiti o‘rganildi, muammolari tinglandi.
Tashriflar davomida xotin-qizlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, keksalar va yoshlar o‘zlarini qiynayotgan ijtimoiy muammolar, ishsizlik va turmush sharoitiga oid masalalar yuzasidan murojaatlar asosida manzilli yordam ko‘rsatish choralari belgilanmoqda. Shuningdek, “Keksalarga mehr” aksiyasi doirasida keksa avlod vakillaridan xabar olinib, ularga oziq-ovqat va dori-darmon mahsulotlari yetkazildi. Yosh volontyorlar tomonidan uy ishlariga amaliy yordam ko‘rsatildi.
Loyihada amaliy ko‘mak misollari ham o‘z ifodasini topmoqda. Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati Nazira Mambetsharipova tomonidan Ullubog‘ mahallasida istiqomat qiluvchi Masharipov xonadoniga tashrif buyurildi. Ushbu xonadonda yashovchi Go‘zal Allabergenova o‘zining ko‘p yillardan buyon ishsiz ekanligi, tikuvchilik mahoratiga ega bo‘lsa-da, zarur jihozlar yetishmasligi sababli faoliyat boshlay olmayotganini ma’lum qildi.
Mazkur murojaat inobatga olinib, “Farovon hayot sari” aksiyasi doirasida unga yangi tikuv mashinasi taqdim etildi. Bu esa oilaning daromad manbaini yaratishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, Ullubog‘ mahallasida deputatlar va yoshlar ishtirokida “Yangi O‘zbekistonni birgalikda quramiz!” shiori ostida davra suhbati tashkil etildi. Unda yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish, ta’lim imkoniyatlari, raqamli madaniyat va kiberxavfsizlik masalalari muhokama qilindi.
Qayd etish joiz, “Yurakka yo‘l” aksiyasi doirasida respublika bo‘ylab milliondan ortiq xonadonga tashrif buyurish, aholining ehtiyojlarini o‘rganish va manzilli yordam ko‘rsatish rejalashtirilgan. Shuningdek, “Keksalarga mehr” aksiyasi orqali yolg‘iz keksalarni qo‘llab-quvvatlash, “Farovon hayot sari” tashabbusi doirasida esa aholini daromadli faoliyatga jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
“Xalq bilan birga” umummilliy loyihasi aholi bilan yaqin muloqot qilish, ularning muammolariga joyida yechim topish hamda jamiyatda o‘zaro hamjihatlik va ijtimoiy mas’uliyat muhitini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.