Xakerlar Ilon Mask, Bill Geyts va Apple Twitterini buzib kirishdi
Avvalo boylar nishonga olindi
Kecha ijtimoiy tarmoqdagi 50 dan ortiq yirik akkauntlar hujumga uchradi. Jinoyatchilar bir soat ichida 40 ming dollarlik kamida 4 ta bitkoinni oʻz hisoblariga oʻtkazib olishga muvaffaq boʻlishdi.
Xakerlar Ilon Mask va Bill Geyts Twitteri, shuningdek, kriptovalyuta hamjamiyatining 50 dan ortiq vakillari akkauntlarni buzib kirishdi.
Dastlab ijtimoiy tarmoq orqali kriptovalyutalar bepul tarqatilayotgani haqida postlar tarqaldi. Jinoyatchilar koʻrsatilgan manzilga joʻnatilayotgan bitkoinlarni ikki barobarga koʻpaytirib berishga vaʼda qilishdi.
blockchain.com sharhlovchilarining maʼlumotida keltirilishicha, ayni paytgacha foydalanuvchilar xakerlar koʻrsatgan manzilga 4 bitkoin (BTC) hajmidagi mablagʻni oʻtkazgan. Katta ehtimol bilan, ushbu summa vaqt oʻtgan sayin ortib boradi. Koʻp tranzaksiyalar oʻz tasdigʻini kutmoqda, yaʼni kriptovalyutalar joʻnatilgan boʻlsada, lekin manzilga yetib bormagan. Koʻp hollarda jinoyatchilarning xabarlari hali ham oʻchirib tashlanmagan, ayrim akkauntlar takroran hujumga uchramoqda.
Bundan tashqari, jinoyatchilar Jek Dorsining Cash App, Ethereum asoschisi Vitalik Buterin va Litecoin asoschisi Charli Li, Tron jamgʻarmasi rahbari Jastin San, Binance rahbari Chanpena Chjao va Ripple kompaniyasining toʻlov ilovalari akkauntini ham buzishgan.
Yirik savdo maydonlari akkauntlari ham hujumga uchragani tasdiqlangan. Masalan, xakerlar Coinbase, Gemini, Kucoin, Bitfinex va boshqa birjalarni nishonga oldi. Albatta, ayrim kompaniyalar darhol ehtiyot choralarini koʻrdi. Lekin boshqa sahifalarda xakerlarning xabarlari haliyam osilib turibdi.
“Ushbu yangilik yozilayotgan vaqtda Uber va Apple kompaniyalari Twitteri buzib kirildi. Xabarlar, shuningdek, COVID-19ga qarshi kurashish va bitkoinlarni tarqatishga tegishlidir, deb yozdi rbc.ru. (https://www.rbc.ru/crypto/news/5f0f6a889a7947731aeb6431)
Keyinroq shunga oʻxshash xabar Kane Uest va dunyoning eng badavlat kishisi, Amazon asoschisi Jeff Bezos akkauntida ham paydo boʻldi.
Bir muddat aksariyat akkauntlar nazorati egalariga qaytgani kuzatildi, biroq koʻp oʻtmay Ilon Mask Twitterida yangi xabar paydo boʻldi.
Siyosatchilar ham chetda qolmayapti
“Bitkoinlar tarqatilayotgani” haqidagi xabar taniqli siyosatchi, AQSHning 47-vitse-prezidenti Jo Baydenning mikroblogida ham eʼlon qilindi. Oʻn daqiqadan soʻng kriptovalyutalar tarqatilayotgani haqidagi post AQSH sobiq prezidenti Barak Obama va mashhur investor Uorrena Baffet Twitterida ham paydo boʻldi. Ammo ikkalasida ham xabar tezda oʻchirildi.
Eng qizigʻi keyin boshlandi
Akkauntlar buzib kirilayotgani haqidagi xabarlardan soʻng koʻp oʻtmay Twitter aksiyalari arzonlasha boshladi. Sankt-Peterburg birjasidagi kechki savdo sessiyasida aksiya narxi 35,6 dollardan 34,2 dollargacha pasaygan.
Chamasi, mikrobloglar ustidan nazoratni qayta qoʻlga olishning imkoni boʻlmayapti. Hatto xabar oʻchirib tashlanganda ham, oradan hech qancha vaqt oʻtmay yana yangi xabarlar paydo boʻlmoqda. Masalan, Kane Uest akkauntida xuddi shunday holat kuzatildi.
Natija yomon emas. Foydalanuvchilarning xakerlarga joʻnatgan mablagʻlari 16-iyul tungi birgacha 12 bitkoindan oshdi. Birinchi kriptovalyutaning hozirgi kursi boʻyicha bu 110 ming dollar deganidir.
Twitterdagilar nima deydi?
Kompaniyadagilar ushbu voqealardan xabardor ekanini aytmoqda. Barchasi oʻrganilib, kamchiliklar yaqin vaqtlarda tuzatiladi, deyiladi Twtterda.
Ammo mashhur kishilar akkauntlarini buzib kirish holatlari soni ortib bormoqda. Kane Uestning rafiqasi, aktrisa va model Kim Kardashyan ham hujumga uchraganlar qatoriga qoʻshildi.
Jabrlanganlardan biri, TRON asoschisi Jastin Sanning Cointelegraph nashriga maʼlum qilishicha, xakerlarni kim fosh qilsa 1 million dollar toʻlashga tayyor.
Twitter rasmiy akkauntida maʼlum qilinishicha, ushbu ish boʻyicha tekshiruv nihoyasiga yetmaguncha ayrim foydalanuvchilar post yozolmay turadi.