"WBA" professional bokschimizga chempionlik jangini taqdim etmoqda
Jahon boks assotsiatsiyasi ("WBA") meksikalik eng o‘rta vazn toifasidagi jahon chempioni Xayme Mungiyaga hamyurtimiz Bektemir Meliqo‘ziyevga qarshi majburiy himoya jangiga buyurtma berganligini e’lon qildi.
“WBA” har ikki bokschining jamoasi tegishli buyruqni qabul qilganligini tasdiqladi. Ular joriy yil 21-oktabrgacha jang shartlari bo‘yicha tegishli kelishuvga erishishlari lozim.
Mungiya joriy yil 2-may kuni o‘tkazilgan professional boks oqshomida hamyurti Xose Armando Resendizni ochkolar hisobida mag‘lub etib, chempionlik kamarini qo‘lga kiritgandi.
Aytish lozimki, meksikalik Mungiya professional boksda 46 ta jang o‘tkazib, 2 tasida mag‘lubiyat, 44 tasida yutuqqa erishgan.
2016-yilgi yozgi Olimpiya o‘yinlari sovrindori, professional boksda 17 ta jangda ringga ko‘tarilib, 16 tasida g‘alabaga erishgan Bektemir Meliqo‘ziyev “WBA”ning eng o‘rta vazn toifasida birinchi raqamli va rasmiy majburiy da’vogar hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, iste’dodli bokschimiz Bektemir Meliqo‘ziyev shu yilning fevral oyida AQSHning Las-Vegas shahrida o‘tgan so‘nggi jangida amerikalik Sena Agbekoni yettinchi raundda nokautga uchratgandi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA