“Voice Up – 2026” – har bir yoshlarga o‘z fikrini bildirish imkonini berdi ( + video)
Xorazm viloyatining eng so‘lim hududida joylashgan Xonqa sanatoriyasida tashkil etilgan “VoiceUp – 2026” inklyuziv oromgohi yakuniga yetdi.
Loyiha doirasida Xorazm viloyatining inklyuziv kelajak sari ilk qadamini tashlayotgan 50 nafar faol, iqtidorli va tashabbuskor yoshlari orzular va haqiqiy imkoniyatlar tutashgan manzilda birlashishdi. Albatta, ular orasida imkoniyati cheklangan yoshlarning ham borligi loyihaning haqiqiy inklyuziv ruhini namoyon etib, teng imkoniyatlar muhitini yaratishga xizmat qildi.
Uch kunlik inklyuziv oromgohda malakali mutaxassislar tomonidan yoshlarning shaxsiy rivoji, psixologik barqarorligi va ichki motivatsiyasini mustahkamlashga qaratilgan turli yo‘nalishlarda mazmunli seminar va treninglar tashkil etildi.
– “Voice Up” loyihasining eng e’tiborli va insoniy jihati shunda bo‘ldiki, ishtirokchilar orasida imkoniyati cheklangan yoshlarning ham borligi jamiyatda inklyuziv muhit yaratish yo‘lidagi eng go‘zal namuna bo‘ldi, – deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligining Xorazm viloyati boshqarmasi sho‘’ba mudiri Shoxrux Bekchanov. – Bu yerda hech kim chetda qolmadi. Har bir ovoz, har bir fikr va qarashlar qadrlandi. Orzular va haqiqiy imkoniyatlarga sharoit yaratgan loyihada yetakchilik ko‘nikmalari, jamoa bilan samarali ishlash, zamonaviy fikrlash va tashabbuskorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
[gallery-28818]
Interaktiv seminarlar va master-klasslar, “Zakovat” intellektual o‘yinlari va madaniy tadbirlar esa ishtirokchilarga o‘z bilimlarini charhlab, maroqli hordiq chiqarishlariga imkon berdi.
Loyihaning uchinchi kunida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi. Unda Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Rahimov va Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayev yoshlar bilan muloqot o‘tkazdi.
Uchrashuvda rahbarlar yoshlarning taklif va tashabbuslari taqdimoti bilan yaqindan tanishdi. Tashabbuskor o‘g‘il-qizlarning deyarli barcha taklif va loyihalari qo‘llab-quvvatlandi. Faol yoshlar taqdirlandi.
– Men o‘zimning turizm loyihamni taqdimot qildim, – deydi loyiha ishtirokchisi, UrDPI talabasi Marvarid Narimonova. – Mening loyiham kar va zayif eshituvchilar uchun turizm ob’ektlarida maxsus dasturlarni qo‘llashga qaratilgan. Bu loyiha amalga oshsa, mamlakatimizga butun dunyodan keladigan nogironligi bo‘lgan sayyohlarning ham soni ortadi. Hisob-kitoblarimga ko‘ra bu loyihadan so‘ng mamlakatimizga uch yil ichida 650 million AQSH dollar miqdorida mablag‘ kiradi. Viloyatimiz hokimi mening tashabbuslarimni ma’qulladi. Loyihamni yanada mukammallashtirishim uchun zamonaviy planshet ham sovg‘a qildi.
“VoiceUp – 2026” ijtimoiy faol va tashabbuskor yoshlarning ovozini eshitish, ularning muammo va takliflarini muhokama qilish, eng muhimi yoshlar hayotida amaliy o‘zgarishlar qilishga qaratilgan muhim loyiha ekanligini ko‘rsatdi.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat, video) O‘zA muxbirlari