“Vodiylarni kezarman dilxush”
Fotoko‘rgazma
O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, taniqli jurnalist, fotorassom Nazira Boymurodovani hech mubolag‘asiz vatanparvar ijodkor, deyish mumkin. U o‘zining har bir ijodiy asarida ona vatanga bo‘lgan cheksiz mehr-muhabbatini, kasbiga bo‘lgan vafo va sadoqatini aks ettirib turadi.

Nazira Boymurodova qariyb 26 yildan buyon fotosan’at bilan shug‘ullanib keladi. U ko‘p qirrali, sermahsul ijodkor, 30dan ortiq shaxsiy va qo‘shma ko‘rgazmalar muallifidir. Yosh ijodkor bir joyda o‘tirib emas, balki vatanimizning turli sarhadlarini kezib, uning go‘zalliklarini, betakror tabiatini, mehnatkash va hunarmand insonlarning siymolarini fotosuratlarga muhrlab, ularni xalqimiz e’tiboriga taqdim etishni yaxshi ko‘radi. Shu sababli tinim bilmay ijod qiladi.
So‘nggi yillarda uning “Barkamol avlod orzusi”, “Guldasta”, “Xush kelding, umrimning bahori”, “Ona yurtim – ota makonim”, “Daryodan bir tomchi”, “Bolaligim seni sog‘indim”, “Yuragimga yaqin odamlar”, “Qalbimdagi gavharim, Vatan”, “Shu vatanga mening ham keragim bor”, “Elda qadr topganlar”, “O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor”, “Aylanayin, shu bag‘rikeng diyorimdan”, “Gul va Navro‘z” deb nomlangan ko‘plab shaxsiy ko‘rgazmalari bo‘lib o‘tgan.

“Bog‘laringni bo‘ylayveraman, Vatan seni kuylayveraman”. Ushbu satrlar muallifning bosh shioridir. Naziraxon yurtimizda hukm surayotgan bahor faslining tarovatidan ilhomlanib, go‘zal va betakror vodiy tomon ijodiy sayohatga yo‘l oldi.
Muallif O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Badiiy ijodkorlar uyushmasi, Toshkent Fotosuratlar uyi hamda Badiiy ijodkorlar uyushmasi Farg‘ona viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda navbatdagi “Vodiylarni kezarman dilxush” nomli ko‘chma shaxsiy fotoko‘rgazmasini tashkil qildi.

Ekspozitsiyada 200ga yaqin fotoasarlar namoyishga qo‘yilgan bo‘lib, undagi mavzular xilma-xilligi, ranglarning yorqinligi kishi ko‘ngliga bahoriy kayfiyat bag‘ishlaydi. Ko‘rgazma barcha yoshdagi insonlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, asarlardagi sodda va beg‘ubor bolalik, yurtimizdagi millatlararo bag‘rikenglikni tarannum etuvchi yorqin lahzalar, ayol go‘zalligi va latofati, rang-barang bahoriy gullar, hamma-hammasi tomoshabinni birdek sehrlab qo‘yadi. Buni tomoshabinlar yuzida aks etgan hayrat ifodalaridan ham ko‘rish mumkin.
Ko‘rgazmada viloyat madaniyat boshqarmasi tasarrufidagi san’at maktablari o‘quvchilari, Farg‘ona davlat universiteti talaba-o‘qituvchilari, milliy madaniy markazlar faollari hamda Farg‘ona viloyati Rishton tumanidan kelgan ijodkorlar faol qatnashmoqda.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/jBEKPdvSZ2w?si=FDWYEuC260mmunfN" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov(video, surat),O‘zA