Vodiyda ilk marta 16 qavatli uy barpo etildi
Andijon shahridagi “Xokon avto invest” masʼuliyati cheklangan jamiyati 2012-yilda tashkil etilgan. Jamiyat faoliyat boshlagandan buyon qurilish sohasida samarali ish yuritib keladi.
Andijon shahridagi “Xokon avto invest” masʼuliyati cheklangan jamiyati 2012-yilda tashkil etilgan. Jamiyat faoliyat boshlagandan buyon qurilish sohasida samarali ish yuritib keladi.
Bugungi kunga kelib jamiyat nafaqat Andijon viloyati, balki mamlakatimizdagi yetakchi qurilish tashkilotlaridan biriga aylandi. Oʻtgan yillar davomida jamiyat quruvchilari tomonidan barpo etilgan shifoxona, maktab, bogʻcha, uylar va boshqa qator obyektlar barpo etilib, foydalanishga topshirildi. Shubhasiz, ular bugun Andijonning koʻplab goʻshalariga koʻrk bagʻishlab turibdi.
Jamiyat taʼsischisi Ulugʻbek Ahmedov, rahbari Otabek Madazimov yosh boʻlishlariga qaramay, yangilikka intiluvchan, oʻz ishining bilimdoni boʻlgan mutaxassislardir. Ularning hamjihatlikdagi saʼy-harakatlari bilan korxona keyingi yillarda yuqori natijalarga erishib kelmoqda.
– Faoliyatimizda qurilish ishlariga xorijiy texnologiyalar, ilgʻor tajribalarni qoʻllashga alohida eʼtibor qaratilmoqda, – deydi jamiyat rahbari Otabek Madazimov. – Bu albatta oʻzining ijobiy samaralarini bermoqda. Barpo etilayotgan obyektlar, ayniqsa, koʻp qavatli uylarni pishiq-puxta, sifatli boʻlishini taʼminlamoqda.
– Mana bir yildirki, “Xokon avto invest” quruvchilari tomonidan qurilgan 7 qavatli uyning 2-xonali kvartirasida yashayapman, – deydi Andijon shahridagi 24-umumtaʼlim maktabi oʻqituvchisi Abdumajid Tursunov. – Xonadonning dizayni, xonalarning keng va oʻziga xosligi menga juda maʼqul keldi. Hamma ishlar sifatli, bekamu koʻst bajarilgan. Ayniqsa, uy oldida bolalar maydonchasi, avtomashinalar qoʻyish uchun maxsus joylar barpo etilganligidan barcha mamnun.
– Quruvchilarimiz tomonidan Fargʻona vodiysida birinchi boʻlib 16 qavatli turar-joy binosi barpo etildi, – deydi jamiyat rahbari Otabek Madazimov. – Bu albatta, oʻz-oʻzidan boʻlgani yoʻq. Mutaxassislarimizning intilishi, izlanishi, yangi-yangi loyihalar ustida ishlashlari, qolaversa, viloyat rahbariyati, buyurtmachilarning jamiyatimizga boʻlgan ishonchi samarasidir.
– Ayni paytda asosiy obyektimiz - Janubiy Paxtakor koʻchasidagi 16 qavatli uylar qurilishida 250 nafardan ziyod ishchi va mutaxassis mehnat qilmoqda, – deydi prorab Zafarbek Hoshimov. – Belgilangan ishlarning sifatli va oʻz muddatida bajarilishiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Qurilish, taʼmirlash ishlaridagi har bir jarayon qurilish, texnik, yongʻin xavfsizligi talablari doirasida amalga oshirilmoqda.
Jamiyat quruvchilari tomonidan keyingi yillarda koʻp qavatli uylar qurish borasida oʻziga xos tajriba shakllandi. Birgina 2018-yilning oʻzida Andijon shahrining Bobur shohkoʻchasi hamda A. Musayev koʻchasida umumiy loyiha qiymati 120 milliard soʻm boʻlgan 20 ta 7-qavatli uy barpo etildi. Sifatli, oʻziga xos koʻrinishga ega boʻlgan ana shu uylar xaridorlarga manzur boʻldi.
2019-yilda ham ishlar koʻlami yana-da kengaydi. Andijon shahrining turli hududlarida umumiy loyiha qiymati 160 milliard soʻm boʻlgan 12 ta 7 qavatli, 2 ta 16 qavatli uylar qurildi. Qurilish ishlarida ilgʻor xorijiy texnologiyalardan keng foydalanilganligi uylarning sifatli va oʻziga xos koʻrinishga ega boʻlishida muhim omil boʻldi.
Joriy yilda jamiyat quruvchilari Andijon shahrining Janubiy Paxtakor koʻchasida umumiy loyiha qiymati 21,5 milliard soʻm boʻlgan har biri 80 kvartiradan iborat 4 ta 16 qavatli uy qurmoqda.Yil oxiriga qadar qurilish ishlari yakunlanib, ikki va uch xonali 320 ta kvartira oʻz egalariga topshiriladi.
Bunda tashqari, joriy yilda korxona quruvchilari tomonidan Xoʻjaobod tumani Ittifoq massivida barpo etilayotgan mikromassivda ikki va uch xonalardan iborat 5 qavatli uy qurilmoqda. Shuningdek, Baliqchi tumanidagi uzunligi 8,5 kilometr boʻlgan zovur loyqadan tozalanmoqda. Barcha ishlar malakali mutaxassislar tomonidan olib borilmoqda.
Ishchi-xizmatchilar maxsus ish kiyimlari bilan taʼminlangan, ish jarayonida texnika, yongʻin xavfsizligi qoidalariga qatʼiy amal qilinmoqda. Issiq ovqat, dam olish xonalarining tashkil etilgan, eng asosiysi, ishchi-xizmatchilarga bajargan ishlaridan kelib chiqib, oʻz vaqtida ish haqlari berib borilmoqda.
– Bajargan ishimizdan kelib chiqib, 1,5 million soʻmdan 3,5 million soʻmgacha oylik ish haqi olyapmiz, – deydi jamiyat ishchisi Xasanboy Yoqubov. – Samarali ishlashimiz uchun barcha sharoitlar yaratib berilgan.
Korxonada ishlarni samarali tashkil etish, mavjud texnikalardan unumli foydalanishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Uylarni koʻtarish, beton qorishmasini quyishda ilgʻor Turkiya texnologiyasi joriy etilganligi, obyektning oʻziga soatiga 100 kub-metr beton qorishmasi tayyorlaydigan mini zavodning barpo etilganligi, yuqori qavatlarga beton quyadigan maxsus nasosli avtomashinalardan keng foydalanilayotganligi ish sifati va unumdorligining yuqori boʻlishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xususan, jamiyatda bir nechta avtokran, ekskavator, beton qorishmasi tayyorlaydigan va tashiydigan maxsus avtomashinalar, shuningdek, 40 dan ortiq yuk mashinalari, umuman, qurilishda ishlatiladigan turli mexanizm va texnikalar mavjudligi ishlarni sifatli va qisqa muddatlarda bajarilishini taʼminlamoqda.
Taʼkidlash kerakki, jamiyat rahbari Otabek Madazimov tajribali quruvchi, sohaning yetuk mutaxassislaridan biri sifatida har bir ish, har bir jarayonning ustida turadi. Ishlarning belgilangan meʼyor va talablar asosida bajarilishini qatʼiy nazorat qiladi.
– Bugun mamlakatimiz, ayniqsa, Andijon viloyati ulkan qurilish maydoniga aylangan, deydi O. Madazimov. – Amalga oshirilayotgan qurilish, bunyodkorlik ishlarida jamiyatimiz faol qatnashayotganligi bizga bildirilgan ishonch namunasidir. Biz bildirilgan ana shu ishonch va zimmamizdagi masʼuliyatni his etib, belgilangan ishlarni sifatli va oʻz muddatida bajarish uchun bor imkoniyatimizni ishga solamiz.
Eng asosiysi, olib borayotgan ishlarimiz bilan mamlakatimiz taraqqiyotiga, yurtdoshlarimizni yangi uy-joylar bilan taʼminlashdek xayrli ishlarga munosib hissa qoʻshayotganligimizdan behad mamnunmiz. Niyatim, bir-biridan chiroyli binolar, uylar qad rostlab, yurtimiz yana-da gullab-yashnasin.