Viloyatning eng sara polvonlari aniqlandi
Farg‘ona shahridagi Islom Karimov nomidagi viloyat teatr-konsert saroyi ochiq maydonida Bosh prokuratura, Respublika kurash federatsiyasi, viloyat hokimligi hamda viloyat yoshlar siyosati va sport boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan 4 bosqichli “Polvonlari ko‘p yurt qudratli bo‘lur” shiori ostida kurash, belbog‘li kurash musobaqalari final bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari Fayzullo Qosimov ishtirok etib, qariyb ikki hafta davomida viloyatning barcha shahar va tumanlarida bo‘lib o‘tgan bellashuvlarda g‘olib bo‘lgan kurashchilarga final bosqichida ham g‘ayrat, katta ishtiyoq bilan g‘oliblik uchun kurashishda kuch-quvvat va omad tiladi. Sport turlarining ichida kurash xalqimizning bebaho durdonasi sifatida e’zozlanadi. Kurash xalqimizning mardlik va botirligini, yengilmas va tantiligini, halol va bag‘rikengligini o‘zida mujassam etgan. Ayniqsa, Farg‘ona mohir kurashchilari, kuragi yerga tegmagan polvonlari bilan mashhur. Shu bois ham xalqimizni bu sport turiga bo‘lgan mehr va muhabbati, ishtiyoqi kuchli. “Polvonlari ko‘p yurt qudratli bo‘lur” shiori ostida kurash va belbog‘li kurash bo‘yicha viloyatning barcha mahallalari o‘rtasida 4 bosqichli sport musobaqalari yuqori saviyada o‘tkazildi. Bellashuvlarda kurashchilar 6 ta vazn toifasida, belbog‘li kurash yo‘nalishida qatnashadigan havaskorlar 4 ta vazn toifasida o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazib, 5 ming nafardan ziyod yoshlar kurash va belbog‘li kurash bo‘yicha g‘oliblik uchun o‘zaro bellashdi. Viloyat bosqichiga 14-30 yoshdagi yoshlar o‘rtasida turli vaznlarda mahalla, sektor va tuman bosqichlarida ishtirok etib g‘olib bo‘lgan 190 nafar kurashchilar yetib keldi.



Final bosqichida ishtirok etgan kurashchi yigit-qizlar ham o‘z mahoratini namoyish etib, g‘oliblik uchun gilamga chiqdi.
Turli vaznlar bo‘yicha 1-, 2- va 3-o‘rin sohiblariga diplom, medal va esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi. Viloyat san’at ustalari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi esa barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.



M.Sulaymonov, O‘zA