Viloyat shifoxonasi qayta qurilmoqda
Namangan viloyatida bundan yuz yil oldin barpo etilgan viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida keng ko‘lamli rekonstruksiya ishlari boshlandi. 1914 yilda qurilgan mazkur shifo maskani hozirgi kunda 395 o‘rinli statsionar bo‘limlar, 100 qatnov quvvatiga mo‘ljallangan poliklinikadan iborat. Tibbiy markazda 14 ta davolash bo‘limi hamda yordamchi bo‘limlar faoliyat yuritib kelmoqda.
2025 yil investitsiya dasturi doirasiga shifoxonaning uchta binosidagi 185 o‘rinli davolash bo‘limlarini ta’mirlash uchun 18 milliard 500 million so‘m mablag‘ ajratilib, ayni vaqtda pudratchi tomonidan ta’mirlash ishlariga kirishilgan.

Yangi quriladigan binoda tibbiyot klasteri yaratilishi ko‘zda tutilmoqda. Bu esa o‘z navbatida, xorijiy davlatlarda amalga oshirilayotgan murakkab buyrak va jigar transplantatsiya (ko‘chirib o‘tish) jarrohlik amaliyotlarini yuqori malakali chet el mutaxassislarini jalb etgan holda amalga oshirish imkonini beradi.

Qolaversa, barcha yuqori texnologik amaliyotlarni viloyat shifoxonasini o‘zida poytaxtimiz Toshkent shahriga bormasdan turib amalga oshirish imkoniyati yuzaga keladi. Buning natijasida bemorlarga qulay, sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatilishiga erishiladi.

Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov o‘rganishlar jarayonida viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazidagi qurilish ishlari bilan yaqindan tanishdi. Markazni belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.