Viloyat hokimi yoshlar bilan uchrashdi
Yoshlar bilan tez-tez muloqotda bo‘lish ularning taklif- tashabuslarini o‘rganish va muammolariga vaqtida yechim topishda muhim omildir.
Xorazm viloyat hokimi Jo‘rabek Rahimovning yoshlar bilan uchrashuvi bunga misol bo‘ladi.
Uchrashuvda turli sohalarda faol bo‘lgan yoshlar ishtirok etdi. Shuningdek, xorijiy davlatlarda mehnat qilayotgan, ta’lim olayotgan xorazmlik yigit-qizlar ham onlayn qatnashdi.
Viloyat hokimi mamlakatimiz Prezidentining joriy yil 14 fevralda yoshlar bilan o‘tkazgan uchrashuvida bildirilgan tashabbuslar, yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va bandligini ta’minlash uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida to‘xtaldi. So‘ngra 2025 yilda viloyatda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishidagi yangi rejalarni e’lon qildi.
[gallery-22102]
Jumladan, joriy yilda “Ibrat farzandlari” loyihasi viloyatning har bir hududida yo‘lga qo‘yiladi. Loyiha doirasida 18-30 yosh toifasidagi yoshlar o‘rtasida sportning 7 ta turi bo‘yicha “Viloyat hokimi kubogi” musobaqasining 2-bosqichiga start beriladi. Tuman va shaharlarda 33 ming 981 nafar yoshning bandligi ta’minlanadi. Yoshlarni xorijiy tillarga o‘qitish kurslarini bepul tashkil etish orqali viloyatda “Xorazm tajribasi” joriy etiladi.
Muloqotda dastlab xorijdagi bir guruh xorazmlik yoshlarning tadbirkorlik, ta’lim, ishlab chiqarish, xalqaro musobaqa va olimpiadalarga chiqish borasidagi takliflari eshitildi. Ularning har bir murojatini hal qilish bo‘yicha shu yerning o‘zida mas’ullar biriktirilib, muddatlari belgilandi.
Uchrashuvda bevosita qatnashgan 20 nafardan ortiq yoshning ta’lim olish, zamonaviy kasblarni egallash, shaxsiy biznesini yo‘lga qo‘yish borasidagi innovatsion g‘oyalari, taklif va tashabbuslarini amaliyotga tadbiq etish viloyat hokimi nazoratiga olindi.
Tadbir davomida faol yoshlarni noan’anaviy usulda rag‘batlantirish uchun hokim “Zakovat” intellektual klubi a’zolari bilan hamkorlikda o‘rtaga savol tashladi. To‘g‘ri javob topganlarga maxsus sovg‘alar berildi.
– Bunday rag‘bat qaysidir ma’noda yoshlarni intellektual jihatdan yanada kuchli bilimga ega bo‘lishga ham chorladi deyish mumkin, – deydi Yoshlar ishlari agentligi Xorazm viloyati boshqarmasi boshlig‘i Timur Jumaniyozov. – Sovg‘alar o‘z egalariga topshirilar ekan, viloyat hokimi hudud yoshlariga qarata “Oldimizda o‘z yechimini kutayotgan juda ko‘p masalalar va qo‘llab-quvvatlashga loyiq bo‘lgan g‘oyalar turibdi. Eng muhimi, ularni amalga oshirishda biz siz aziz yoshlarga suyanamiz!” deya ishonch bildirdi.
Uchrashuvning ikkinchi qismi “Arda Xiva” turizm kompleksida davom etib, bayramona dasturxon atrofida jam bo‘lgan yoshlar orasidan faol qizlarga yaqinlashib kelayotgan 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan viloyat hokimining tashakkurnomalari topshirildi.
Shuningdek, mahallalardagi xorazmlik yoshlar yetakchilari orasida yuqori natija ko‘rsatib, “TOP-100”talikka kirgan yoshlar yetakchilarining ota-onalari e’tirof etildi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat),
O‘zA muxbirlari