Viloyat hokimi sovrini uchun fan olimpiadasi
Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov tashabbusi bilan viloyatdagi umumta’lim maktablarining 5-11 sinf o‘quvchilari o‘rtasida xorijiy tillar bo‘yicha fan olimpiadalari o‘tkazilmoqda.
Keyingi yillarda mamlakatimizda xorijiy tillarni o‘qitish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Prezidentimiz tomonidan umumta’lim maktablari bitiruvchilari maktabni kamida ikkita chet tilini bilgan holda tamomlashlari bo‘yicha tashabbus ilgari surilgan edi.
Davlatimiz rahbarining ushbu tashabbusini qo‘llab-quvvatlab, qolaversa, ana shu yo‘nalishdagi ishlar sifati va samaradorligini oshirish, xorijiy tillarni o‘rganishni rag‘batlantirish maqsadida viloyat hokimi sovrini uchun o‘tkazilayotgan ingliz, nemis va fransuz tillari bo‘yicha fan olimpiadalarining tuman, shahar bosqichlari bo‘lib o‘tmoqda. Ularda o‘quvchilar faol ishtirok etmoqda.
[gallery-21153]
Mazkur olimpiadaning Andijon shahridagi 33- umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tayotgan shahar bosqichida 1 ming 160 nafar 5-11 sinf o‘quvchilari ingliz, nemis va fransuz tillari bo‘yicha belgilangan shartlar asosida o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazmoqda.
– Olimpiadada ingliz tili bo‘yicha qatnashyapman, – deydi Andijon shahridagi 13-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Farangiz Maqsudova. – Albatta, g‘oliblar qatoridan o‘rin olishga harakat qilaman. Eng asosiysi, ushbu olimpiada xorijiy tillarni bilish bo‘yicha bilimlarimizni yana bir bor sinovdan o‘tkazish imkonini berdi.
Tuman va shahar bosqichlarida yuqori natijaga erishib, g‘olib bo‘lgan o‘quvchilar fanlar olimpiadasining viloyat bosqichida ishtirok etadi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari