Viloyat hokimi rektorlar bilan uchrashdi
Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev viloyatda faoliyat yuritayotgan oliy o‘quv yurtlari rektorlari va boshqa mas’ullar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda davlatimiz rahbarining yoshlar bilan ochiq muloqotida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda oliy ta’lim muassasalarida talabalarni sport turlariga jalb qilish, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, talabalarning dunyoqarashini kengaytirish va vatanparvarlik ruhini mustahkamlash zarurligi qayd etildi. Bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash, ularni mehnat bozori talablariga mos malakali mutaxassis etib tayyorlash masalasi rektorlarning doimiy e’tiborida bo‘lishi zarurligi ta’kidlandi.
– Yoshlarimiz maktabdayoq bitta xorijiy til va biror kasb-hunarni o‘rganishi bugun zamon talabiga aylandi – dedi A.Boboyev. – Oliy ta’lim muassasasida esa bu talab ikki karra oshishi kerak, ya’ni talaba ertaga ma’lum bir yo‘nalish bo‘yicha mutaxassislik diplomini olganida unda xorijiy tillar va biror hunar bo‘yicha ko‘nikma bo‘lishi zarur. Buning uchun barcha universitet va institutlarda talabalarning xorijiy tillar va zamonaviy kasb-hunarlarni o‘rganishi, sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun sharoit yaratish kerak. Ayniqsa, talabalarning innovatsion loyiha va startaplarini rag‘batlantirish, ularni moliyaviy va tashkiliy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, imtiyozli kreditlar ajratish orqali daromadli faoliyatga yo‘naltirish lozim.
Viloyat hokimi mas’ullar oldiga har bir oliy ta’lim muassasasida amaliy natija beradigan tizimli ishlarni tashkil etish, yoshlarning bandligini ta’minlash va ularning salohiyatini yuksaltirish bo‘yicha aniq rejalar ishlab chiqish vazifasini qo‘ydi.
Uchrashuvda rektorlar ham muhokama etilgan masala yuzasidan o‘z taklif va tashabbuslarini bildirdi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri