Veterinariya sohasida Ruminiya bilan hamkorlik
Samarqand veterinariya meditsinasi instituti va Ruminiyaning Kluj-Napoka qishloq xoʻjalik fanlari va veterinariya meditsinasi universiteti oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Samarqand veterinariya meditsinasi instituti va Ruminiyaning Kluj-Napoka qishloq xoʻjalik fanlari va veterinariya meditsinasi universiteti oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Shu munosabat bilan institutga tashrif buyurgan Ruminiyaning Kluj-Napoka qishloq xoʻjalik fanlari va veterinariya meditsinasi universiteti professori Ionika Anjela xonim oʻquv yurti rahbariyati va professor-oʻqituvchilar bilan uchrashib, hamkorlik yoʻnalishlari, uning istiqbollari haqida fikr almashdi.
Samarqand veterinariya meditsinasi instituti rektori X.Yunusov institutdagi taʼlim jarayonlari, ilmiy tadqiqotlar haqida maʼlumot berdi. Oʻz navbatida ruminiyalik professor oʻzi faoliyat koʻrsatayotgan universitet ilmiy salohiyati haqida soʻz yuritdi.
– Universitetimiz Ruminiyaning eng ilgʻor oliy taʼlim muassasalaridan biri hisoblanadi, – deydi Ionika Anjela xonim. – Uning xalqaro miqyosdagi eng ilgʻor oliy taʼlim muassasalarining yuztaligiga kirishi salohiyatining qay darajada ekanligidan dalolat. Biz ayni paytda veterinariya sohasida molekulyar diagnostikaning afzalliklarini tadqiq etayapmiz. Erishilgan natijalarimizni Markaziy Osiyo davlatlari professor-oʻqituvchilari, soha vakillari bilan birgalikda oʻrganib, izlanishlarimizni keng miqyosda davom ettirishni maqsad qilganmiz.
Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan mazkur loyihadan koʻzlangan maqsad sohada yetuk malakali kadrlarni tayyorlashda xalqaro tajribadan unumli foydalanish, veterinariya sohasidagi dolzarb muammolarni oʻz vaqtida bartaraf etishga qaratilgan.
– Davlatimiz rahbari barcha sohalar kabi veterinariya va chorvachilikni rivojlantirishga ham alohida eʼtibor qaratmoqda, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasining fan va taʼlim sohasini rivojlantirish boʻlimi boshligʻi Alisher Safarov. – Sohani rivojlantirishda xorij tajribasi muhim ahamiyatga ega. Shu bois keyingi vaqtlarda xorijiy davlatlar bilan mazkur sohada ham hamkorlikka alohida eʼtibor qaratyapmiz. Samarqand veterinariya meditsinasi instituti va Ruminiyaning Kluj-Napoka qishloq xoʻjalik fanlari va veterinariya meditsinasi universiteti oʻrtasida yoʻlga qoʻyilayotgan hamkorlik aloqalari ham yurtimiz veterinariya sohasi rivojiga xizmat qilishi shubhasiz.
Ionika Anjela xonim Samarqand veterinariya meditsinasi instituti talabalari bilan uchrashib, parazitologiya yoʻnalishida molekulyar diagnostikani amalga oshirishning afzalliklari boʻyicha maʼruza oʻqidi. Talabalar bilan boʻlgan qizgʻin muloqot davomida xorijlik mutaxassis sohadagi yangiliklar boʻyicha batafsil maʼlumot berdi.
– Xorijiy hamkorlarimiz soni yildan yilga ortib bormoqda, – deydi institut rektori X.Yunusov. – Koreya Respublikasining Konkukke universiteti bilan talabalar almashinuvini oʻtkazish boʻyicha, AQSHning Minisotos universiteti bilan xalqaro oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash sohasida amaliyotlarni tashkil etish boʻyicha hamkorlik loyihalarini amalga oshirayapmiz. Bundan tashqari qator Yevropa davlatlarining nufuzli oliy taʼlim muassasalari bilan ham hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyilgan. Joriy oʻquv yilidan boshlab Belarusning Vitebsk veterinariya meditsinasi davlat akademiyasi bilan qoʻshma fakultet tashkil etdik va 30 nafar talaba mazkur fakultetda taʼlim olmoqda. Ruminiyaning Kluj-Napoka qishloq xoʻjalik fanlari va veterinariya meditsinasi universiteti oʻrnatilgan hamkorligimiz ham har jihatdan samarali boʻladi, deb oʻylayman. Bugungi uchrashuv davomida hamkorlikda amalga oshiriladigan loyihalarimizni muhokama qilib oldik. Kelgusida bu boradagi taklif va fikr-mulohazalarimizni universitet rahbariyati bilan oʻzaro muhokama qilib, har ikkala tomon uchun manfaatli, samarali loyihalarni amaliyotga tatbiq etamiz. Eng muhimi, bu boradagi dastlabki qadam tashlandi.