Vengriyada Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi
Budapesht shahrida bahor bayrami — Navro‘zga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbir Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) vakolatxonasi tomonidan, a’zo davlatlar elchixonalari, jumladan Vengriyadagi O‘zbekiston Respublikasi elchixonasi ko‘magida tashkil etildi.
Tadbirda Vengriyaning siyosiy, ilmiy, ekspert va madaniy doiralari vakillari, shuningdek diplomatik korpus a’zolari ishtirok etdi. Madaniy dasturda O‘zbekiston Respublikasining faxriy mehmon sifatida qatnashishi bayramga alohida ahamiyat bag‘ishladi.
O‘zbekiston delegatsiyasiga madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tojixonov boshchilik qilib, asosiy ma’ruza bilan chiqdi va Navro‘z an’analarini asrab-avaylash hamda targ‘ib etishda mamlakat hissasini ta’kidladi.
TDTning Vengriyadagi vakolatxonasi ijrochi direktori Balaj Hendriks Navro‘z turkiy dunyoning asosiy madaniy ramzlaridan biri ekanini, birlik, hamjihatlik va muloqot kabi umumiy qadriyatlarni mujassam etishini ta’kidladi.

TDTga rais mamlakat nomidan Ozarbayjonning Vengriyadagi elchisi Tohir Tagizoda so‘zga chiqdi. U Navro‘zning umumjahon ahamiyati va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi madaniy ko‘prik sifatidagi rolini ta’kidladi.
Marosimda Avazxon Tojixonov nutq so‘zladi. U Navro‘z O‘zbekiston milliy o‘zligining ajralmas qismi ekanini, unda an’analarga hurmat, yurtga muhabbat va jamoaviy qadriyatlar aks etishini ta’kidladi. Shuningdek, Budapeshtda Navro‘zni nishonlash Sharq va G‘arb o‘rtasidagi mazmunli muloqotni ifodalashini, turli madaniy meroslarni bog‘lashini qayd etdi.

Bayram boy madaniy dastur bilan davom etdi. Yurtimizning “Turon” ansambli chiqishi ishtirokchilarda iliq taassurot qoldirdi. San’atkorlar an’anaviy musiqa, xoreografiya va ifodali sahna harakatlarini uyg‘unlashtirgan jo‘shqin dastur taqdim etdi. Ularning chiqishi katta olqishlarga sazovor bo‘lib, kechaning eng yorqin lahzalaridan biriga aylandi.

Xizmat safari davomida O‘zbekiston va Vengriya davlatlari o‘rtasidagi madaniy hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan bir qator uchrashuvlar va kelishuvlar amalga oshirildi. Jumladan, Vengriya Davlat operasi bosh direktori o‘rinbosari Virag Fozzo bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda hamkorlikka oid bir qator kelishuvlar ko‘rib chiqildi.
Vengriyaning “Magyar-Turan” jamg‘armasi prezidenti janob Andras Biro bilan uchrashuv ham g‘oyat samarali kechdi. Uchrashuv davomida madaniyat vaziri o‘rinbosari A.Tojixonov Vengriyaning "Magyar-Turan" jamg‘armasi tomonidan joriy yilning 12-20 avgust kunlari bo‘lib o‘tadigan Qurultoyda O‘zbekiston faxriy mehmon sifatida tanlanganidan mamnunligini bildirdi.
Shuningdek, ushbu tadbirda O‘zbekiston milliy pavilonlari bilan ishtirok etishi yuzasidan bir qator masalalar muhokama etildi.
O‘zA muxbiri N.Usmonova tayyorladi.