Vazir kubogi musobaqasining final bahsi boshlandi
Surxondaryo viloyatida sportning futbol turi bo‘yicha “Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri kubogi” uchun o‘quvchi-qizlar o‘rtasidagi musobaqa qizg‘in davom etmoqda.
Bellashuvda mamlakatimizdagi maktablarning eng kuchli, eng chaqqon 7-11 sinf o‘quvchi-qizlaridan iborat 16 ta jamoa to‘rt guruhga bo‘lingan holda saralash bahslarida to‘p surdi. Uch kun davom etgan qiziqarli musobaqaning o‘z guruhida peshqadamlik qilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Bo‘zatov tumanidagi 10-maktab, Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi 30-maktab, Samarqand viloyati Ishtixon tumanidagi 74-maktab va Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanidagi 42-maktab jamoalari bugun yarim final bahslarida maydonga tushdi. Ertaga bellashuvning final bahsi va taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi.


Musobaqada faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan jamoa “Damas” avtomashinasi va 250 million so‘m, ikkinchi o‘rinni egallagan jamoa “Damas” avtomashinasi va 200 million so‘m, uchinchi o‘ringa sazovor bo‘lgan jamoa “Damas” avtomashinasi va 150 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlanadi. Shuningdek, 13 ta jamoa qatnashchilariga Sport vazirligining vorkaut maydonchasini qurib berish bo‘yicha vaucheri, Davlat xavfsizlik xizmati va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining 800 million so‘mlik futbol koptoklari topshiriladi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA