Vazifalar ijrosi ta’minlanadi
Samarqandda 2014-yil yakunlari va 2015-yilda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlariga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Samarqandda 2014-yil yakunlari va 2015-yilda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlariga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Viloyat hokimi Z.Mirzayev boshqargan yig‘ilish sim orqali muloqot tarzida tashkil etilib, muhokama jarayonlarini barcha tuman va shahar studiyalarida mahalliy Kengashlar deputatlari, boshqarma va idoralar, yirik sanoat korxonalari rahbarlari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari, qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, kasb-hunar kollejlari direktorlari kuzatib borish, fikrlarini bildirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Yig‘ilishda o‘tgan yili viloyatda amalga oshirilgan islohotlar natijalari tahlil qilinib, asosiy e’tibor Prezidentimiz Islom Karimovning mamlakatimizni 2014-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasi majlisidagi ma’ruzasida belgilab berilgan vazifalar ijrosini so‘zsiz ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqishga qaratildi.
Ta’kidlandiki, 2014-yilda viloyat iqtisodiyotida barqaror o‘sish sur’atlari ta’minlanib, viloyat yalpi hududiy mahsuloti 10,5 foiz o‘sdi. Qishloq xo‘jaligida 7 foiz, qurilish-pudrat ishlari 11, chakana savdo aylanmasi 15, jami xizmatlar 22 va pullik xizmatlar ko‘rsatish hajmi 18 foiz o‘sishiga erishildi.
Tarmoq va korxonalarni modernizatsiya qilish va texnologik qayta jihozlash uchun o‘zlashtirilgan 1 trillion 139 milliard so‘mlik investitsiyalar sanoatni 15,7 foizga o‘stirishda muhim omil bo‘ldi. Natijada aholi jon boshiga iste’mol mollari ishlab chiqarish 815 ming so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich keyingi 5-yilda 5,5 barobar ortdi.
Aholining qishloq xo‘jaligi va asosiy oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabini to‘la qondirish maqsadida 2014-yilda 81 qoramolchilik, 42 parrandachilik, 43 baliqchilik va 56 asalarichilik xo‘jaligi tashkil etilib, mahsulot ishlab chiqarish 12-15 foizga oshirildi.
Hisobot davrida 1 ming 122 savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchasi foydalanishga topshirildi. Yalpi hududiy mahsulotda xizmat ko‘rsatish sohasining ulushi 45 foizni tashkil etdi.
Yil davomida viloyatdagi korxonalar tomonidan amalga oshirilgan eksport hajmi 152,7 million AQSh dollarini tashkil etib, reja 5,2 foiz ortig‘i bilan uddalandi.
Kichik biznesga ajratilgan kreditlar miqdori 713 milliard so‘mni tashkil etdi. Natijada 1 ming 919 yangi kichik biznes subyekti tashkil etilib, ularning umumiy soni 15 mingdan oshdi.
Tanqid va tahlil ruhida o‘tgan yig‘ilishda erishilgan yutuqlar bilan birga yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ham atroflicha tahlil etildi. Xususan, yengil sanoat, qurilish materiallari ishlab chiqarish, meva-sabzavotni qayta ishlash va eksport qilish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish borasida olib borilayotgan ishlar mavjud imkoniyat va salohiyat darajasida emasligi ko‘rsatib o‘tildi.
Iqtisodiyotda tarkibiy qayta o‘zgartirishlarni yanada kengaytirish, sanoatning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiyalash, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni chuqurlashtirish, tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, xususiy mulkchilik va tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi to‘siq va cheklashlarni bartaraf etish, 2015-2016-yillarda davlat mulkini xususiylashtirishga doir yangi dastur ishlab chiqish, 2015-yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturi parametrlarini so‘zsiz bajarish, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.
Samarqand viloyati faollari yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari U.Rozuqulov so‘zga chiqdi.