“Vatanparvar” tashkiloti faoliyatining yangi davri boshlanmoqda
Bu haqda 26 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisi Husan Botirov tashkilotning navbatdan tashqari konferensiyasida ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, “Vatanparvar” tashkiloti faoliyatining yangi davrida tashkilot o‘z maqsad va vazifalarini amalga oshirishda hech og‘ishmasdan harakat qilish barobarida yangidan-yangi tashabbuslar ishlab chiqadi, shuningdek, davlat rahbari va hukumat tomonidan qo‘yilayotgan topshiriqlarni muddatida sifatli bajarish uchun bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etadi.
Jumladan, tashkilotning aholi, ayniqsa yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni kasbga o‘qitish hamda sportning texnik va amaliy turlariga jalb etish borasidagi faoliyati tubdan takomillashtiriladi.
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Matbuot xizmati xabar bermoqda.
H.Botirovning bildirishicha, 2021 yilga mo‘ljallangan Davlat dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan respublikamiz miqyosida yoshlarni mehnat bozorida ehtiyoj yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish 3 bosqichda amalga oshiriladi.
1-bosqichda shu yilning aprel oyidan boshlab fuqarolarni “Vatanparvar” tashkilotining “Haydovchilar tayyorlash va qayta tayyorlash kurslarida” “V”, “VS”, “S”, “D”, “E” toifalari bo‘yicha o‘qitilishi yo‘lga qo‘yiladi.
2-bosqichda avgust oyidan “Texnik xizmat ko‘rsatish kurslari” tashkil etilib, yoshlar 5 xil kasbga – vulkanizator, elektrik-akkumulyatorchi, gaz-elektr payvandchi, chilangar, avtoelektrik mutaxassisliklari bo‘yicha o‘qitilishi mo‘ljallanmoqda.
3-bosqichda dekabr oyidan boshlab “Murakkab texnikalarni boshqarish kurslari” yo‘lga qo‘yilib, ushbu kurslarda yuk ortuvchi transport, avtogidro-pod’yomnik, yuk mashinasi krani, g‘ildirakli traktor, bitta kovshli ekskavator texnikalarini boshqarish bo‘yicha o‘qitilishi kutilmoqda.
E’tiborlisi, “Temir daftar” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar yuqoridagi kasblarga bepul o‘qitilishi rejalashtirilgan.
“Vatanparvar” tashkiloti ushbu vazifani amalga oshirish uchun Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi va bir qator idoralar bilan muzokaralar olib bormoqda.
Konferensiya davomida Markaziy kengash a’zolari tomonidan qator masalalar, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Ustaviga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishiga ovoz berildi.
Tashkilotning yangi tahrirdagi Ustaviga kiritilgan jiddiy o‘zgarishlardan biri unga “Tashkilotning Qurolli Kuchlar bilan hamkorligi” deb nomlangan yangi XII-bobning kiritilishi bo‘ldi. Mazkur bobda “Tashkilot mamlakatimiz yoshlarini harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda, Vatan himoyasiga, uning milliy xavfsizligi, hududiy yaxlitligi va suverenitetini ta’minlashga doimo shay turishga hamda harbiy xizmatni o‘tashga tayyorlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari bilan o‘rnatilgan tartibda hamkorlik qilishi va ularga har tomonlama ko‘maklashishi” belgilangan.
Umuman olganda Ustavda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining mudofaa qobiliyatini mustahkamlashga ko‘maklashish, fuqarolar, ayniqsa yoshlarni mehnatga va Vatanni himoya qilishga tayyorlash, harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni kasbga o‘qitish hamda sportga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlash ishlarida ko‘maklashishga doir bir qator aniq vazifalar belgilab qo‘yildi.