“Vatanparvar” bog‘i – xalqimizning ibrat timsoli
9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan “Nurafshon business city” hududida Ikkinchi jahon urushi yillarida matonat va Mustaqillik yillarida Vatanimiz tinchligiga qilingan tahdidlar va qurolli hujumlarni bartaraf etishda ko‘rsatilgan mardlik namunalarini o‘zida aks ettirgan “Vatanparvar” bog‘i ochildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, senatorlar, faxriylar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, hudud faollari va yoshlar qatnashdi.
Tadbirda harbiy orkestr ijrosidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi. Barcha mazkur bog‘ yonida joylashgan “Matonat madhiyasi” memorial majmuasiga samimiy hurmat bajo keltirdi.
Ochilish marosimida viloyat hokimi so‘zga chiqib, o‘z tilaklarini bildirdi. Qayd etilganidek, mazkur sana doirasida urush qatnashchilari va urush yillaridagi front orti faxriylariga “Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi” esdalik yubiley medali, pul mukofotlari topshirilgani, barcha joylarda, mehnat jamoalarida faxriylarni yo‘qlash, ularga keng ko‘lamda g‘amxo‘rlik qilish, salomatliklarini tiklashga katta e’tibor qaratilayotgani mamlakatimizda keksa avlod vakillariga bo‘lgan yuksak hurmat va e’tiborning yorqin ifodasidir.
[gallery-23262]
Ikkinchi Jahon urushi yillarida Toshkent viloyatidan 200 ming nafardan ziyod mard yigitlar urushga ketib, 40 ming nafarga yaqini jang maydonlaridan qaytmadi. Shu davrda mehnatkash aholi mardonavor ishlar qilgan. Birgina 1942 yilning kuzida hudud aholisi frontga 52 vagon oziq-ovqat mahsulotlari jo‘natgani bunga yaqqol misol bo‘la oladi.
Yaqin tarixdan ma’lumki, Mustaqillik yillarida ham ko‘plab xurujlar, davlat chegaralariga qilingan qurolli hujumlar va unda davlat xavfsizlik xizmati, chegara qo‘shinlari, mudofaa, ichki ishlar va favqulodda vaziyatlar vazirliklarining ko‘plab xizmatchilari halok bo‘lgan. Ularning xotiralari abadiylashtirilib, oilasi va farzandlariga davlat tomonidan har tomonlama ko‘mak berib kelinmoqda.
Xususan, Nurafshon shahrida tashkil etilgan “Vatanparvar” bog‘i ham endilikda viloyat ma’naviy hayotida alohida o‘rin egallaydi. 1,5 gektar maydonida qisqa fursatlarda barpo etilgan bog‘ va muzey xalqimiz, ayniqsa, yoshlarga ibrat va vatanparvarlik maktabi bo‘lib xizmat qiladi. Bunda quruvchi va muhandislar, loyihachi va me’morlar, ziyolilar, ma’naviyatchilar, tarixchilar, qadimshunos va arxiv xodimlarining munosib zahmati mujassam.
A. Musayev, O‘zA.