Vatanning mard o‘g‘lonlari hech qachon unutilmaydi
Mustaqilligimizni mustahkamlash, yurtimiz tinchlik-osoyishtaligini asrash yo‘lida jonini fido qilgan mard o‘g‘lonlar hech qachon unutilmaydi.
Namangan viloyati Namangan tumanida tug‘ilgan Kamoliddin Toshpo‘latov Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi harbiy qismlardan birida xizmat qilgan. Kamoliddin bundan 23 yil muqaddam yurtimiz janubiga g‘arazli niyatlarda bostirib kelgan bir qator jangarilarga safdoshlari bilan bir qatorda mardlarcha qarshilik qilib, qaxramonlarcha halok bo‘lgan. Keyinchalik vafotidan so‘ng “Jasarat” medali bilan taqdirlangan.

Mard va jasur jangchining nomini abadiylashtirish maqsadida o‘zi o‘qigan 24-sonli umumta’lim maktabda uning byusti o‘rnatilgan va yashab, voyaga yetgan ko‘chasiga Kamoliddin Toshpo‘latov nomi berilgan. Kamoliddinning ikki o‘g‘lini uning turmush o‘rtog‘i Gulnoz Nuriddinova hech kimdan kam qilmay tarbiya qildi, katta farzandi Umidjon Namangan davlat universitetini tamomladi va hozirda xalq xizmatida. “Ot o‘rnini toy bosadi”, deganlaridek otasining izidan borib harbiy bo‘lishga astoydil ahd qilgan kichik o‘g‘il Mirkomil O‘zbekiston Qurolli kuchlari akademiyasida tahsil olmoqda.

Prezidentimizning 2023 yil 11 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoniga asosan mamlakatimiz Qurolli Kuchlari nufuzini yanada oshirish vazifalari yuklatilgan. Armiya safida xizmat qilgan va xizmat davrida qaxramonlik ko‘rsatib, mardonavor halok bo‘lganlarga alohida ehtirom ko‘rsatish ezgu an’anaga aylangan. 9 may – Xotira va qadrlash kuni arafasida viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi va Namangan tumani hokimligi mutasaddilari tomonidan Kamoliddin Toshpo‘latov oilasidan xabar olinib, ularning qanday muammolari borligi o‘rganildi.

– Jasur turmush o‘rtog‘im bilan qismatim bitilganidan bag‘oyat faxrlanaman, u kishi Vatanni himoya qilish yo‘lida jonini ayamagan. Ikki bolamizni voyaga yetkazish oson bo‘lmadi, o‘rinlari bilindi. Ularga padari buzrukvorining Vatan oldidagi ulkan jasorati haqida hikoya qilib berardim. Farzandlarim o‘z ustida intilishi o‘z samarasini berdi, ular el koriga yarayman, degan niyatda kasb egallashmoqda, – deydi Kamoliddinning turmush o‘rtog‘i Gulnoz Nuriddinova. – Xonadonimizni shonli sana arafasida yo‘qlab, ko‘nglimizni tog‘dek ko‘targan tashkilotlar fidoyilariga minnatdorlik bildiraman. Bunday kezlarda o‘zingni doimiy e’tibor og‘ushida ekaningni his qilasan, kishi.

Darvoqe, “Mahalla” fondi yo‘qlovi doirasida marhum harbiy xizmatchi Kamoliddinning volidai muhtaramasi Mavludaxon aya Toshpo‘latovaga ham g‘amxo‘rlik ko‘rsatildi.
Oqilxon Dadaboyev,
O‘zA