Vatanni himoya qilish – muqaddas burch
14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni
Vatan sajdagoh kabi muqaddasdir. Uni himoya qilish esa har bir yigit-qizning burchidir.
Yurtimizda esa har yili 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tashkil topgan kun sifatida keng нишонланади. Shu munosabat bilan “Milliy armiyamiz Yangi O‘zbekistonning mustahkam qalqonidir!” shiori ostida turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, davra suhbatlari, uchrashuvlar va musobaqalar tashkil etiladi. Shunday musobaqalardan biri Navoiy viloyati Zafarobod qo‘rg‘onida tashkil etildi.

“Navoiyuran” davlat korxonasi Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash otryadi tomonidan o‘tkazilgan bellashuvda 6 nafardan a’zosi bo‘lgan 4 ta – “Navoiy”, “Zafarobod”, “Uchquduq” va “Nurobod” maydoni qo‘riqlash otryadi jamoalari o‘zaro kuch sinashdi.

Musobaqani o‘tkazishdan maqsad, otryad ishchi-xodimlarining jismoniy va ruhiy tayyorgarliklarini yanada mustahkamlash, ularni sport bilan muntazam shug‘ullanishga qiziqtirish va ommaviy sportga jalb etish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, otryad terma jamoasiga kuchli sportchilarni saralab olishdan iborat.

Ishtirokchilar turnikda tortilish, 100 metrga to‘siqlar osha yugurish, avtomobil shinasini ma’lum masofagacha yumalatish, tosh ko‘tarish, armrestling va arqon tortish kabi shartlarni bajardi.
Musobaqa yakunida “Zafarobod” jamoasi 1-o‘rinni egalladi. Shuningdek, “Eng ilg‘or komanda boshlig‘i”, “Eng ilg‘or guruh boshlig‘i”, “Eng ilg‘or o‘qchi”, “Eng ilg‘or nazoratchi”, “Eng ilg‘or komanda”, “Eng namunali post” kabi nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi.
G‘olib va sovrindorlar, faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.
A.Bo‘riyev, O‘zA