Vatanimizning yuksak e’tirofi muborak!
Mamlakatimiz bo‘ylab eng ulug‘, eng aziz ayyom – mustaqillik bayrami shukuhi kezib yurgan ayni kunlarda Prezidentimiz farmoni bilan bir guruh yurtdoshlarimiz davlatimizning yuksak unvonlari, orden va medallariga munosib ko‘rildi.
Xususan, Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlash, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlarga qo‘shgan munosib hissasi, o‘zining yorqin iste’dodi, keng qamrovli ijodiy, ilmiy-amaliy faoliyati bilan xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish, yoshlarimizni ona yurtga cheksiz muhabbat va sadoqat, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash yo‘lidagi samarali xizmatlari hamda jamoat ishlaridagi faol ishtiroki uchun e’tirof etilganlar qatorida madaniyat va san’at sohasi xodimlarining ham borligi barchamizga cheksiz mamnuniyat bag‘ishladi.
“O‘zbekiston Respublikasi xalq baxshisi”, “O‘zbekiston Respublikasi xalq rassomi”, “O‘zbekiston Respublikasi xalq ustasi”, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi”, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvonlari, “El-yurt hurmati”, “Fidokorona xizmatlari uchun”, “Mehnat shuhrati”, “Do‘stlik” ordenlari, “Kelajak bunyodkori” va “Shuhrat” medallari sohiblari safi kengayib borayotgani soha vakillarining yurt ravnaqiga daxldorlik tuyg‘usi tobora ortayotgani hamda ezgu sa’y-harakatlarning hech biri davlatimiz e’tiboridan chetda qolmayotganining tasdig‘idir. Boshqacha aytganda, “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” degan ezgu g‘oya hayotda o‘zining yorqin ifodasini topmoqda.
Shubhasizki, madaniyat va san’at xodimlarining jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni va ta’siri katta. Bu mamlakatimizning barcha hududi, hatto eng chekka qishloqlarida o‘tkazilayotgan bayram tadbirlarida ishtirok etayotgan soha vakillari, “Madaniyat karvoni”ning fidoyi targ‘ibotchilari, madaniyat boshqarmalari xodimlari, kino va teatr artistlari, elimiz ardog‘idagi san’atkorlar faoliyatida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Ularni cheksiz mehr-muhabbat, quvonchu shodlik bilan kutib olayotgan yurtdoshlarimiz chehrasidagi minnatdorlik ifodalari esa bizga ham ko‘tarinkilik bag‘ishlaydi. bugungi unvonu mukofotlar shunday fidokorona mehnatlaringiz mevasi, Vatanimizning yuksak e’tirofidir.
Fursatdan foydalanib, shunday baxtga muyassar bo‘lgan barchani, madaniyat va san’at xodimlarini qo‘shaloq bayram bilan chin dildan muborakbod etamiz. Sizlarga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt, hamisha el-yurt ardog‘ida bo‘lish nasib etishini tilaymiz.
Go‘zal va betakror yurtimiz doimo tinch, xalqimiz omon, mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!
Ozodbek Nazarbekov,
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri
O‘zA