Vatanga xizmat – yuksak sharaf
Namanganda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining o‘ttiz uch yilligi hamda Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan bayram tadbirlari ko‘tarinki ruhda nishonlandi.
“Xotira xiyoboni”da davlat va jamoat tashkilotlar vakillari, viloyat faollari, huquqni muhofaza qilish organlari, harbiy xizmatchilar, mehnat faxriylari va yoshlar jam bo‘ldi.

Davlat xavfsizlik xizmati, chegara qo‘shinlari, mudofaa, ichki ishlar, favqulodda vaziyatlar, bojxona, milliy gvardiya boshqarmalari harbiy xizmatchilari saf tortdi. Davlatimiz madhiyasi yangradi.
Harbiy orkestr sadolari ostida “Motamsaro ona” haykali poyiga Namangan viloyati hokimligi, viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, davlat va jamoat tashkilotlari, korxona va muassasalar, fuqarolar tomonidan gullar qo‘yildi.

Viloyat musiqali drama teatrida o‘tkazilgan tantanali bayram tadbirida Namangan viloyat hokimi, viloyat harbiy-ma’muriy sektori boshlig‘i Shavkat Abdurazzoqov, Sharqiy-g‘arbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, general-mayor Oybek Saidov mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida milliy armiyamiz tezkor va ixcham, har qanday tahdidlarga munosib javob qaytara oluvchi jangovar kuch sifatida shakllanganligini e’tirof etdi.
Ta’kidlanganidek, tarixan qisqa davr ichida mamlakatimiz suvereniteti va hududiy yaxlitligini, sarhadlarimiz daxlsizligini ishonchli himoya qilishga qodir bo‘lgan milliy armiyamiz mavjudligi eng avvalo, amalga oshirilayotgan “Xalq va armiya – bir tanu bir jondir”, degan ezgu g‘oyaning yaqqol samarasidir.

Bayram tadbirida, mamlakatimiz mudofaa qudratini mustahkamlash, sarhadlarimiz va davlat xavfsizligini qo‘riqlash, fuqarolarni tinch va osuda hayotini ta’minlash, jamoat tartibini saqlashdagi fidoyiligi uchun harbiy xizmatchilar hamda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlaridan bir guruhi Namangan viloyati hokimining faxriy yorliqlari, qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.

– Bugungi kunda Vatanimizga sadoqat bilan xizmat qilish – har bir inson uchun sharafli burchga aylandi. Zero, armiya saflarida xizmat qilish O‘zbekistonning yigit-qizlari uchun chinakam ibrat maktabidir, – deydi Pop tumanida joylashgan Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qism faxriy qorovul bo‘linmasi serjanti Abdurauf Abduzoirov. – Bundan sakkiz yil avval, Surxondaryo viloyatining Denov tumanidan Namangan viloyatiga kelib, yigitlik burchimni ado etganman. Keyinchalik shartnoma asosida harbiylik faoliyatimni boshladim. Harbiylik – sadoqat, hushyorlik, fidoyilikni taqozo qiladi. Bu muhim jihatlarni o‘zimda mujassam etishga astoydil intilmoqdaman. Bugun menga ko‘rsatilgan e’tibor o‘z ishimga bo‘lgan mas’uliyatni ikki hissa oshiradi.
Taniqli san’at ustalari va yosh xonandalar ijrosida Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan konsert dasturi namoyish etildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA