Vatan taraqqiyotida yoshlar yetakchi kuch
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yoshlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi mamlakatimizning barcha hududlari singari Orolbo‘yi yoshlariga ham quvonch va g‘urur bag‘ishladi.
–Davlatimiz rahbarining 2022 yil 19 yanvar kungi ”Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari tug‘risida” gi qarori yoshlarga oid davlat siyosatini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish bo‘yicha bizning oldimizda aniq vazifalarni belgilab berdi, – deydi O‘zbekiston yoshlar ishlari agentligi Amudaryo tumani bo‘limi boshlig‘i Sardor Ismoilov. – Tumanimizda ham yoshlar bilan ishlash bo‘yicha mutlaqo yangicha tizim asosida ishlar yo‘lga qo‘yildi. Mazkur qaror ijrosini ta’minlash bo‘yicha shtab faoliyati yo‘lga qo‘yilib, tegishli korxona va tashkilotlardan mas’ullar biriktirildi.

Yoshlar bilan ishlashning “Mahalla – tuman – viloyat – respublika” tizimi yaratilib, “Yoshlar balansi” ni shakllantirish, aniqlangan ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarni “Yoshlar daftari“ ga kiritish, ”Yoshlar dasturlari” ni ishlab chiqish to‘liq yakunlandi. Tumanda 49 ta mahalladagi Yoshlar yetakchisi lavozimiga tanlov asosida 551 nafar nomzod orasidan 49 nafar munosib mahalladagi yoshlar yetakchilari saralab olindi. Ularning 44 nafari oliy, 5 nafari tugallanmagan oliy ma’lumotga ega, 34 nafari harbiy xizmatni o‘tagan, 5 nafarini xotin-qizlar tashkil qiladi.
Shu bilan birga 49 nafar mahalla yetakchilari uchun xizmat xonalari va mebel jihozlari, kompyuter jamlanmalari ajratildi, barchasiga planshetlar berilib, internet tarmog‘iga ulandi. Har bir sektordan eng faol bo‘lgan yoshlar yetakchilari orasidan jami 4 nafar sektor koordinatori saylandi. Shuningdek, 1 ta namunali mahalla belgilanib, yoshlar masalasida tizimli ishlar tajribasi ommalashtirilmoqda.

Mahallalarda “Yoshlar balansi” ni shakllantirish va reyting ko‘rsatkichlarini belgilash ishlari boshlandi. Jumladan, tumanda mavjud 49 ta mahallada yetakchilar tomonidan 36 ming 50 ta xonadonda 16-30 yoshdagi 44 ming 346 nafar yosh (20 ming 700 nafar xotin qiz) to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, 5 ta toifa (bandlik, ta’lim, oilaviy, ijtimoiy va salomatlik holatlari) asosida “Yoshlar balansi” shakllantirildi. Shu asosda mahallalarning yoshlar bilan ishlash samaradorligi ko‘rsatkichlarini baholash bo‘yicha reyting ko‘rsatkichlari ishlab chiqilib, 49 ta mahalla 4 ta (8,2 %) qizil, 32 ta (65,3 %) sariq va 13 ta (26,5 %) ”yashil” toifaga ajratildi.
Yoshlar muammolarini “mahallabay” hal etish, bandligini ta’minlashga ko‘maklashish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Yil boshidan “Yoshlar daftari”ga 2 ming 168 nafar yosh kiritilib, “Yoshlar balansi” yakunlari bo‘yicha ijtimoiy himoyaga muhtojlar daftarga kiritildi. Joriy yilning 5 oyi davomida 1 ming 260 nafar yosh daftardan chiqarildi. Hozirda tuman bo‘yicha 908 nafar yosh “Yoshlar daftari"da qolmoqda. Joriy yil davomida 2 ming 890 nafar yoshning badligini ta’minlashga erishildi.

Yoshlarning tadbirkorlik va hunarmandchilik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 385 nafar yoshning tadbirkorlik faoliyati uchun 5 milliard 332 million so‘m kredit ajratildi. Natijada 410 ta ish o‘rni yaratildi. Qishloq xo‘jaligida yoshlar bandligini ta’minlash maqsadida
1723 nafar yoshlarga 434 ga yer maydoni ajratilib berildi. Bundan tashqari, kasb-hunar va tadbirkorlik asoslari bo‘yicha 105 nafar yosh o‘qitildi. 46 nafari “1+1” dasturi asosida tadbirkor va hunarmandlarga biriktirildi.

Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilish va Ma’naviy va ma’rifiy tadbirlar bo‘yicha yoshlar yetakchisining kunlik, haftalik va oylik ish rejalari ishlab chiqildi. Har bir mahallada kuniga kamida 1 tadan tadbir o‘tkazish tajribasi joriy etildi. Shuningdek, maktablarning sport va faollar zali hamda kompyuter va kutubxonalarida har kuni soat 16:00 dan 23:00 gacha sport mashg‘ulotlari va to‘garak yo‘lga qo‘yilib, har kuni o‘rtacha 900 nafardan ziyod yoshning bo‘sh vaqti mazmunli tashkil etilmoqda.
Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida joriy yilning fevral-mart oylari davomida umumta’lim maktablari va professional ta’lim muassasalaridagi o‘quvchi yoshlar o‘rtasida ”Vatanparvarlar”, ”Yosh chegarachilar”, ”Yosh qutqaruvchi”, ”Yosh gvardiyachi” harbiy-sport musobaqalari o‘tkazilib, ming nafarga yaqin yosh qamrab olingan.
Yoshlar o‘rtasida DXX kubogi doirasida sportning futbol va mini futbol turi bo‘yicha musobaqalar mahalla – sektor – tuman bosqichlari yuqori darajada tashkil qilindi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichiga yo‘llanma olindi.
Tumanda “Besh tashabbus olimpiadasi” ning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida 41 nafar yosh ishtirok etib, musobaqa va ko‘rik tanlovning respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Natijada “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida stol tennisi bo‘yicha Nukus shahrida o‘tkazilgan respublika bosqichining “V” ligasida tumandagi “Boyovul” mahallasida istiqomat qiluvchi Ma’mur Sharipov 27-30 yosh toifasida birinchi, shashka bo‘yicha qizlar o‘rtasida Andijon viloyatida o‘tkazilgan musobaqada “Xitoy” mahallasida yashovchi Sanovar Sharifboyeva 27-30 yosh toifasida birinchi, Bobur ovuli fuqarolar yig‘inida yashovchi Umida Ibragimova shashka bo‘yicha 16-21 yosh toifasida ikkinchi o‘rinni, “Do‘rman” mahallasida yashovchi O‘rinboyevlar oilasi “Yosh kitobxon oila” tanlovining bosh sovrini Prezident sovg‘asi “Spark” avtomobilini qo‘lga kiritdi.

Bularning barchasi mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilayotgan sharoitlarning amaldagi samarasidir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yoshlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida ta’kidlaganidek, mehnatkash va bag‘rikeng, olijanob xalqimiz, bilimli, faol va shijoatli o‘g‘il-qizlarim bor ekan, biz har qanday qiyinchiliklarni albatta yengib o‘tamiz.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri