Vatan qudratidan qalbda g‘urur bor
Kichik serjant Ma’mirjon Ubaydullaevning Qurolli Kuchlarimiz safida xizmat qilayotganiga ham yigirma yildan oshdi.
14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni
Kichik serjant Ma’mirjon Ubaydullaevning Qurolli Kuchlarimiz safida xizmat qilayotganiga ham yigirma yildan oshdi. Bu shunchaki yillar emas, og‘ir sinovlarda toblangan, mard va jasur, sadoqatli insonning sharafli hayot yo‘lidir.
Yurtimiz mustaqillikka erishganidan so‘ng kattayu kichikda tug‘ilib o‘sgan go‘shani sevish, ardoqlash hissi yanada kuchaydi. Ko‘z ilg‘amas sarhadlarga yastangan jonajon O‘zbekistonimiz mustaqilligini himoya qilish, uning hududiy yaxlitligi va xalqimizning osuda hayotini ta’minlash shu aziz yurtda istiqomat qilayotgan har bir fuqaroning qalb amriga aylandi.
Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan Ma’mirjon bolaligidan adabiyotga, san’atga mehr qo‘ydi. Besh farzandning to‘ng‘ichi bo‘lgani uchun ham uka-singillariga akalik mas’uliyatini his etar, ularni har taraflama himoya qilar edi.
Ma’mirjon tumandagi 29-maktabda a’lo baholarga o‘qidi. O‘quvchilik paytlari ham maktabda o‘tadigan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda o‘z ijod namunalari bilan ishtirok etar, davralarda suxandonlik qilardi. Uning bu iqtidori bora-bora rivojlandi, mazmunli she’rlar, hikoyalar yoza boshladi. Bundan tashqari, Ma’mirjon sportning qo‘l jangi bilan ham shug‘ullanib, ko‘plab musobaqalarda g‘olib bo‘ldi. U harbiy qismdagi askarlarning saf tortib ko‘chalardan o‘tishiga havas qilardi. Bu orada Samarqand viloyatiga harbiy xizmatga chaqirildi. Harbiy xizmat davomida toblandi, oila, ota-ona, yaqinlar mehrini, sog‘inchini his etdi.
2000 yil. Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumaniga bostirib kirgan bir guruh jangarilarga qarshi jang bo‘ldi. Bu paytda Ma’mirjon o‘z xizmatdoshlari bilan Samarqand viloyatining chegaralarida tozalov jangovar vazifalarni bajardi. Xalqimiz boshiga tushgan bunday tahlikali damlarda o‘z chegara postida tinchlik uchun jonini fido qilgan harbiylar jasorati Ma’mirjonga katta hayot maktabini o‘tadi. U harbiy zobitlarning vatan tinchligi, xalq osoyishtaligi yo‘lida sadoqatli xizmatlariga guvoh bo‘ldi. Shu yerdayoq o‘z kelajagini harbiy xizmat bilan bog‘lashga ahd qildi.
Ma’mirjon 2001 yil sentabr oyida shartnoma asosida Sharqiy harbiy okrugga qarashli harbiy qismlarning birida faoliyat boshladi. Oradan o‘tgan shiddatli yillar uni obdon tobladi. U qachon, qaerda bo‘lmasin harb ilmini chuqur o‘rgandi, aql-zakovatini boyitdi, Vatan tinchligi, osoyishtaligi uchun kurashdi. Bugungi kunda Farg‘ona shahridagi harbiy qismda sadoqat bilan xizmat qilib kelmoqda.
Inson ongi va aql-zakovatining boyligi, dunyoqarashining kengligi, umuman olganda ma’nan yuksaklik kitobxonlik bilan bevosita bog‘liq. Qahramonimiz ham anchagina kitobsevar ekan. “Eng sevimli asaringiz qaysi” deya qiziqqanimiz zahoti shaxsiy kutubxonasidan joy olgan va miriqib mutolaa qiladigan eng noyob adabiyot durdonalariga, insonni yaxshilikka, ezgulikka chorlash g‘oyasi ustuvor asarlar haqida shunday dedi:
– Bolaligimdan kitobga mehrim boshqacha, – deydi M.Ubaydullaev. – Bo‘sh qoldim deguncha, qo‘limga kitob olaman. Mumtoz adabiyotni yoqtiraman. Hikmatlarni qayta-qayta o‘qishdan zerikmayman. Kitob o‘qimaslikni tasavvur ham qila olmayman. O‘zim sevib o‘qigan kitoblarni boshqalarga ham tavsiya qilaman, ta’sirlantirgan voqealarni gapirib bergim keladi.
Turmush o‘rtog‘i Feruzaxon, farzandlari Ruxshona va Muhammadlaziz ham kitobga oshno. Dadasi Junaydullo aka va onasi Manzuraxon opa farzandini harbiy bo‘lganidan doimo faxrda. Ma’mirjon o‘tgan yili onasini umra ziyoratiga jo‘natdi.
– Oilaviy baxtga nima yetsin, – deydi Ma’mirjon biz bilan suhbatda. – Nafaqat harbiyning, balki har bir oilada tinchlik, baxtiyor turmush hukmron ekan, shundagina, biz erkaklar xizmat joyimizda ko‘nglimiz to‘q, fikru xayolimiz ish bilan band bo‘ladi.
Ma’mirjon farzandlari tarbiyasiga alohida e’tibor qaratadi. Ruxshonaxonning orzulari, mehr-muhabbatidan, Muhammadlazizning a’lo baholari, akrobatika bilan muntazam shug‘ullanayotgani, tez-tez harbiy qismda bo‘lib harbiylar hayoti bilan tanishayotganidan juda quvonadi. Ular qay kasbni tanlashsada, kelajakda halol, mehnatsevar inson bo‘lib ko‘zlagan maqsadlariga erishishlari muhim ekanini aytadi.
Hayotda “Oldinga, yana oldinga, faqat oldinga” shiori bilan yashayotgan qahramonimizning sadoqatli xizmati bir necha bor e’tirof etilgan. U “Eng g‘olib serjant”, “Namunali oila” tanlovlarida ham g‘olib bo‘lib hamkasblariga, yosh harbiylarga ibrat bo‘la oldi.
Sen ona tuprog‘im, shonimsan vatan,
Tunday ko‘z qarog‘im, orimsan vatan.
Senga xizmat qilmoq men uchun sharaf,
Ta’zimdaman senga borimsan Vatan.
Bu Ma’mirjonning qalb satrlari. U Vatanni himoya qilish bilan birga, uning madhini she’rlari bilan ta’riflaydi. Tarixdan ma’lumki, qaysi davr, qaysi makon bo‘lmasin insoniyat yagona ezgu maqsad yo‘lida hamisha sergak. Muqaddas tuproq, Vatan himoyasi yo‘lida jonini fido qilish tuyg‘usi zamirida mujassam bo‘lgan ana shu mushtarak maqsadni kichik serjant Ma’mirjon Ubaydullaev shashtidan ham ilg‘ash mumkin.