Vatan posbonlari tantanali kuzatildi
Sirdaryo viloyatida Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari safida muddatli harbiy xizmatni a’lo darajada o‘tab, o‘z burchini sharaf bilan ado etgan yigitlarni tantanali kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi. Guliston shahridagi temir yo‘l vokzalida tashkil etilgan mazkur tadbir esda qolarli, samimiy va hayajonli lahzalarga boy tarzda o‘tdi.
Mazkur marosimda Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari mas’ul xodimlari, Sirdaryo viloyati Yoshlar ishlari boshqarmasi hamda Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi vakillari, shuningdek, faxriylar ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olgan harbiy qism qo‘mondoni o‘rinbosari, podpolkovnik Ibrohim Nurmatov xizmatni sharaf bilan ado etgan askarlarni samimiy tabriklab, ularga ezgu tilaklar bildirdi hamda kelgusidagi hayot yo‘llarida muvaffaqiyatlar tiladi.
[gallery-28928]
Qayd etilishicha, o‘tgan xizmat davri mobaynida 21 nafar harbiy xizmatchi namunaviy intizomi, yuksak mas’uliyati hamda davlat chegarasi daxlsizligini ta’minlashdagi faol ishtiroki uchun Davlat xavfsizlik xizmati raisi nomidan “Minnatdorchilik xati” bilan taqdirlangan. Shuningdek, 83 nafar muddatli harbiy xizmatchiga oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun 50 foizli imtiyozli tavsiyanomalar topshirilib, bu ularning kelgusidagi ta’lim va kasbiy taraqqiyoti uchun muhim omil sifatida baholandi.
Bundan tashqari, xizmat davomida o‘zini ijobiy tomondan ko‘rsatgan hamda yuqori natijalarga erishgan 90 nafar harbiy xizmatchi Davlat xavfsizlik xizmati rahbariyati va Chegara qo‘shinlari qo‘mondonligi tomonidan munosib rag‘batlantirildi. Shuningdek, 2 nafar harbiy xizmatchi davlat chegarasi orqali giyohvandlik vositalarining noqonuniy olib o‘tilishiga qarshi kurashda faol ishtirok etgani uchun III darajali “Chegara qo‘riqchisi” ko‘krak nishoni bilan mukofotlandi. Yana 15 nafar harbiy xizmatchi esa faxriy yorliq va tashakkurnomalar bilan taqdirlanib, ularning xizmat davomida namoyon etgan sadoqati, yuksak intizomi hamda mas’uliyatli yondashuvi alohida e’tirof etildi.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat), O‘zA