Vatan himoyasiga yo‘l qayerdan boshlanadi?
Vatanga xizmat qilish deganda nimani tushunamiz? Bu faqat harbiy libos kiyish yoki safda tik turishdan iboratmi?
Aslida, yurtga sadoqat avvalo bilim olishdan, intizomdan, mas’uliyatni his qilishdan va berilgan va’daga sodiq qolishdan boshlanadi.
Amir Temur xiyobonida ana shunday niyat bilan yuzlab yoshlar safga tizildi. Milliy gvardiyaning “Temurbeklar maktabi” va Harbiy musiqa akademik litseylari o‘quvchilari Vatanga sadoqat ramzi sifatida tantanali va’da berdilar.
Amir Temur xiyoboni xalqimiz uchun tarix va milliy g‘urur bilan bog‘liq qutlug‘ maskan. Shu bois bu yerda berilgan va’daning mazmuni ham oddiy emas. Bugun harbiy libosda safda turgan o‘g‘il-qizlar oldida yangi o‘quv yo‘li, yangi maqsadlar va katta mas’uliyat turibdi.

Tantanali marosimda yoshlarga murojaat qilgan mas’ul rahbarlar ularni ushbu muhim kun bilan tabriklab, ta’lim va kelgusi faoliyatida muvaffaqiyat tiladi. Ota-onalar uchun esa bu kun farzandining katta hayot sari tashlagan ilk jiddiy qadamlaridan biri bo‘ldi.
Chunki bu yerda gap faqat harbiy kasb haqida emas. Intizomli, bilimli, mustaqil fikrlaydigan va o‘z ishiga mas’uliyat bilan qaraydigan yoshlarni tarbiyalash haqida ketmoqda.

Bu ta’lim maskanlaridagi natijalar ham bugungi talablar o‘z samarasini berayotganini ko‘rsatadi. Joriy yilda “Temurbeklar maktabi”ni tamomlagan 156 nafar bitiruvchining 154 nafari oliy harbiy va oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilindi. Bu 98,7 foizlik ko‘rsatkich demakdir.
Harbiy musiqa akademik litseyida esa natija yanada yuqori — 32 nafar bitiruvchining barchasi oliy harbiy va oliy ta’lim muassasalari talabasi yoki kursant bo‘ldi. Ya’ni qabul ko‘rsatkichi 100 foizni tashkil etdi.
Raqamlar ortida esa har bir yoshning mehnati, ustozlarning izlanishi va ota-onalarning ishonchi bor. Zero, yaxshi natija bir kunda kelmaydi. Buning ortida kundalik dars, mashg‘ulot, intizom va maqsad sari qat’iyat bilan intilish turadi.
Ota-onalar nomidan so‘z olganlar ham farzandlariga yaratilayotgan imkoniyatlar, ta’lim-tarbiyaga qaratilayotgan e’tibor va ularning kelajagi uchun berilayotgan imkoniyatlarni alohida ta’kidladilar.
Marosimning badiiy qismi ham yoshlarning harbiy va ijodiy salohiyatini namoyon etdi. Harbiy musiqa akademik litseyi o‘quvchilarining “Zarbli cholg‘ular ansambli” defile chiqishi tadbirga o‘ziga xos ruh bag‘ishlagan bo‘lsa, “Temurbeklar maktabi” o‘quvchilarining qo‘l jangi bo‘yicha namoyishlari ularning jismoniy tayyorgarligini ko‘rsatdi.
Bugun ular va’da berdilar. Endi eng muhimi — ana shu va’dani har kuni o‘z o‘qishi, intizomi va amaliy ishlari bilan isbotlash.
Nigora Rahmonova, O‘zA