Vatan himoyasi yo‘lida halok bo‘lgan harbiylarning oila a’zolari ijtimoiy himoyasi kuchaytiriladi
Konstitutsiyaga ko‘ra, har bir fuqaro qariganda, mehnat qilish qobiliyatini yo‘qotganda, ishsiz qolganda yoki oilasining asosiy boquvchisidan mahrum bo‘lganda davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanish huquqiga ega.
Mazkur konstitutsiyaviy kafolatlar harbiy xizmatchilar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari va ularning oila a’zolariga ham to‘liq tatbiq etiladi.
“Harbiy xizmatchi (xodim)larning va ular oila a’zolarining davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonun shu nuqtai nazardan ishlab chiqilgan.
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida shu haqda gap bordi.
Qonun bilan xizmat yillari uchun pensiya, nogironlik pensiyasi, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi, shuningdek pensiyalarni hisoblash, tayinlash, qayta hisoblash va to‘lash tartiblari aniq belgilab berilmoqda.
Shu bilan birga, Vatan himoyasi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va xodimlarning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish kafolatlari yanada mustahkamlanmoqda.

Qo‘mita majlisida “Yong‘in xavfsizligi tizimi takomillashtirilayotganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ham muhokama qilindi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda yong‘inlar profilaktikasi samaradorligini oshirish, yong‘in xavfsizligi sohasida davlat nazoratini takomillashtirish hamda aholi hayoti va sog‘lig‘i, jismoniy va yuridik shaxslar mol-mulkini ishonchli muhofaza qilishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, yong‘inlar bilan bog‘liq og‘ir oqibatli hodisalar hamon kuzatilmoqda. Xususan, 2025-yilda respublika bo‘yicha 11 ming 241 yong‘in holati qayd etilgan bo‘lib, ular oqibatida 129 nafar fuqaro turli darajada jarohat olgan va 82 nafar fuqaro hayotdan ko‘z yumgan.

Qonun inson hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, mol-mulk daxlsizligini ta’minlash, yong‘inlarning oldini olish bo‘yicha zamonaviy va ta’sirchan mexanizmlarni joriy etish, shuningdek sohada barcha sub’ektlarning mas’uliyatini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Yangi tahrirdagi “Xavfli ishlab chiqarish ob’ektlarining va potensial xavfli ob’ektlarning sanoat xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonunning muhim jihati shundaki, unda xavfli ishlab chiqarish ob’ektlari bilan bir qatorda potensial xavfli ob’ektlar ham huquqiy tartibga solish doirasiga kiritilmoqda. Jumladan, liftlar, eskalatorlar, atraksionlar, yuk ko‘tarish mexanizmlari, xavfli yuk tashish sig‘imlari hamda shamol elektr stansiyalari kabi ob’ektlar ilk bor qonun darajasida qamrab olinmoqda.
Muhokamalar davomida har qanday avariya ortida inson taqdiri turgani, bunday hodisalar inson hayoti va sog‘lig‘iga, atrof-muhitga hamda iqtisodiyotga jiddiy zarar yetkazishi mumkinligi alohida ta’kidlandi.
Muhokama qilingan qonunlar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
N.Abduraimova, O‘zA