Vacancy.argos.uz: tizim qanchalik shaffof ishlayapti?
bugungi kunda kadrlarning davlat fuqarolik xizmatiga ishga kirishi uchun yangi innovatsion, oson hamda shaffof yo‘llar taqdim etilmoqda. Jumladan, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan davlat fuqarolik xizmatidagi bo‘sh lavozimlar munosib nomzodlar tanlash “Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portali” (vacancy.argos.uz) tizim asosida ochiq mustaqil tanlov orqali amalga oshirilmoqda.
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi axborot xizmati rahbari Sevara Zokirovaning ma’lum qilishicha, 41 ming 158 nafar malakali nomzod davlat fuqarolik xizmatiga ochiq tanlov tizimi orqali qabul qilingan.
Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portali qanday tartibda ishlaydi?
Vacancy.argos.uz portalidagi davlat vakant lavozimlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar avtomatik tarzda “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksidan foydalangan holda saytga joylashtiriladi va nomzodlarning hujjatlarini qabul qilish faqat elektron tarzda amalga oshiriladi.
Vakant lavozimlar uchun ochiq mustaqil tanlovlar belgilangan tartibda tashkil etiladi. Unda har bir nomzodning vakant lavozim malaka talablariga mosligi o‘rganib chiqiladi va test orqali nomzodlarning bilim darajasi sinovdan o‘tkaziladi. Nomzod bilan suhbat tashkil etiladi.
Mazkur tizimning ahamiyatli tomoni, tanlov bosqichlari bo‘yicha ma’lumotlar onlayn tarzda har bir nomzodning portaldagi shaxsiy kabinetiga yuboriladi, ya’ni har bir bosqich natijasi bo‘yicha nomzodlarga asoslangan javob berib boriladi.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlari yagona ochiq portali — vacancy.argos.uz platformasiga respublikaning 70 dan ortiq vazirlik va idoralari, barcha tuman (shahar) hokimliklari ulangan. Bugunga qadar mavjud vakant lavozimlar bo‘yicha jami 100 mingga yaqin tanlov e’lon qilinib, ushbu lavozimlarga jami 1 million 157 ming 338 nafar nomzod hujjat topshirgan. Tanlov g‘oliblarining 14 ming 563 nafarini 30 yoshgacha bo‘lganlar, 14 ming 341 nafarini ayollar, 6 ming 603 nafarini davlat fuqarolik xizmatiga birinchi marotaba qabul qilinganlar tashkil etadi.
Nomzodlarning Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portalidagi shaxsiy kabinetiga kirishi Yagona identifikatsiya tizimi id.egov.uz da olingan login va parol orqali amalga oshiriladi. Shuning uchun shaxsiy kabinetga kirish uchun login va parolni o‘zgartirish yoki uni tiklash borasida iduzsupport@egov.uz yoki 1242 qisqa raqami orqali ma’lumot olish mumkin.
Fuqaroning xorijiy davlat oliy ta’lim muassasasida o‘qiganligi to‘g‘risidagi diplom O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan nostrifikatsiyadan o‘tkazilishi lozim. Nostrifikatsiya qilingan diplom to‘g‘risidagi guvohnoma raqami o‘rnatilgan tartibda bazaga kiritiladi. Fuqaroning diplom raqami kiritilgan taqdirda portaldagi shaxsiy kabinetida avtomatik ravishda ko‘rinadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA