V Paraosiyo o‘yinlari: delegatsiyamiz rahbariyati parasportchilar bilan uchrashdi
Ayni damda Yaponiyaning Aichi va Nagoya shaharlarida o‘tkazilayotgan Paraosiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari turli sport dasturlarida mamlakatimiz sharafini himoya qilmoqda.
O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva Yaponiyaning Aichi prefekturasi va Nagoya shahrida o‘tayotgan V yozgi Paraosiyo o‘yinlari doirasida Paralimpiya shaharchasiga tashrif buyurib, musobaqalarda ishtirok etayotgan hamyurtlarimiz bilan uchrashdi.
Muloqotda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov, Osiyo Paralimpiya qo‘mitasi vitse-prezidenti, O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi Muxtorxon Toshxo‘jayev va boshqa rasmiylar ham ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida sportchilar bilan samimiy suhbatlashilib, ularga oldindagi bellashuvlarda muvaffaqiyat tilandi. Shuningdek, mamlakatimizda parasportni rivojlantirish, sportchilarni qo‘llab-quvvatlash va ularning xalqaro musobaqalarda munosib ishtirok etishi uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida so‘z yuritildi.


O‘z navbatida, parasportchilar bildirilayotgan yuksak ishonchni oqlash, Vatanimiz sharafini munosib himoya qilish hamda musobaqalarda yuqori natijalarga erishish uchun bor kuch va mahoratlarini ishga solishlarini ta’kidladi. Ular o‘zlari uchun yaratilgan sharoitlar va ko‘rsatilayotgan e’tibor uchun minnatdorlik bildirib, yurtimizga munosib natijalar bilan qaytishga intilishlarini qayd etdi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA