Uzum yetishtirishda parkentliklarga teng keladiganlar bormi?
Qaror va ijro
Bog‘dorchilik, xususan, uzumchilik azaldan xalqmiz farovon yashashini ta’minlab kelgan sohadir. Mamlakatimizda mazkur tarmoqning yangi istiqbollari yil sayin kengaymoqda.

Prezidentimizning 2023 yil 3 avgustdagi “2023 – 2026 yillarda uzumchilik va vinochilik sohasini yanada rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ham bu borada muhim dasturilamal vazifasini o‘tamoqda. Unga ko‘ra, uzumni yirik maydonlarda, klaster va kooperatsiya usulida yetishtirish orqali sohada qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish, uzumni saqlash, saralash va qayta ishlashni rag‘batlantirish choralari ko‘riladi.
Xususan, Parkent tumanida ham iqlim sharoiti, aholi tajribasidan foydalanib, uzum yetishtirish, uni qayta ishlash, tayyor mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha klaster tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Bu hudud bog‘bonlarining sa’y-harakatlari bilan yetishtirilgan sifatli mahsulotlar nafaqat ichki bozorlarda, balki xorijda ham xaridorgir.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, hozir Parkent bo‘yicha 10,5 ming gektardan ziyod uzumzorlar hamda 6,9 ming gektar bog‘ maydonlari mavjud. Shundan uzum maydonlarining 9,5 ming gektari fermer xo‘jaliklari hissasiga to‘g‘ri keladi. Joriy yil yetishtirilgan 60 ming tonna uzum hosilining 23 ming tonnasi eksportga, 19 ming tonnasi qayta ishlashga, 7 ming tonnasi bozorlar va yarmarkalarga, yana 11 ming tonna ichki iste’molga yo‘naltiriladi. O‘z navbatida uzum mahsulotlari asosan Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Saudiya Arabistoni, Italiya, Afg‘oniston, Ukraina, Belarus, Isroil, Turkmaniston, Moldova, Polsha, Ozarbayjon, Yaponiya, Turkiya, Armaniston, Latviya, Sloveniya davlatlariga eksport qilinmoqda.

Shu kunlarda esa tumanning Zarkent hududidagi intensiv bog‘ va tokzorlarda mavsumiy agrotexnik ishlar amalga oshirilmoqda. Toklarning qator oralariga esa tomchilatib sug‘orish texnologiyalari joriy qilingan. O‘z navbatida O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi Parkent tuman bo‘limi fitosanitar davlat nazorat inspektori tomonidan tokzorlarda uchraydigan bakterial rak kasalligiga qarshi kurashish bo‘yicha kerakli tavsiyalar berilmoqda. Bu orqali mavsumda yetishtiriladigan hosilning sifatli bo‘lishiga erishiladi.

– Oxirgi 7-8 yilda yetishtirilgan uzum hosilini sifatli saqlash va belgilangan muddatlarda ichki va tashqi bozorga chiqarish maqsadida Fermerlar Kengashi qoshida ochilgan jamg‘arma mablag‘lari hisobidan 20 ming tonna sig‘imidagi muzlatgichli omborxonalar qurildi, – deydi Parkent tumani fermerlar kengashi raisi Faxriddin Ruhiddinov. – Joriy yilda ham 5 ta fermerdan shunday omborxona qurish bo‘yicha taklif tushgan. Ularga ham imtiyozli kreditlar asosida qulayliklar yaratishga harakat qilinmoqda. Muhimi mazkur tarmoqda tuman bo‘yicha 10 mingga yaqin oilalar bandligi ta’minlangan.

Mazkur tumandagi “Zarkent Nurjahon” fermer xo‘jaligi rahbari Hamidullo Hojiyev ham ko‘p yillardan beri sohadagi yutuqlarga hissa qo‘shib kelmoqda. Hozirgi paytda uning 16 gektar yerida uzumning toifi, Rizamat ota va kishmish kabi navlari parvarishlanmoqda.
– Yetishtirgan hosilga avgust oyidan boshlab xaridorlar ko‘payadi, – deydi, “Zarkent Nurjahon” fermer xo‘jaligi rahbari H.Hojiyev. – Sentyabr oyidan terim ishlari boshlanadi. Ortgan hosilni maxsus muzlatgichlarda saqlanadi. Bu jarayonda ham o‘ziga yarasha talablar bor bo‘lib, unga doim amal qilinadi. Qulayligi shundaki mahsulot yetishtiruvchilar birdaniga uzumni sotolmasligi mumkin. Shu sababli muzlatgichlarda saqlanayotgan uzumni istalgan vaqtda bozorga chiqarish mumkin. Hatto, may oyi o‘rtalarigacha uzum mahsulotini topish mumkin. Shu bilan birga, mayiz tayyorlash ham hududda ommalashgan. Uning narxi hozirgi paytda ichki bozorda 50 ming so‘mdan 80 ming so‘mgacha sotilmoqda.
Darhaqiqat, mehnat qilgan, tashabbus ko‘rsatgan odam esa to‘kin hayotga erishadi. Parkentliklar uzumchilikdan baraka topgan. Ular tokning bargini, pishgan hosilidan to mayiz qilguncha bo‘lgan jarayonda yaxshi daromad qilishga harakat qiladi. Ayniqsa, shu kunlari tumanga kirib borishingiz bilan yo‘llarning ikki betidagi barq urib o‘sayotgan tokzorlarga qarab, ko‘zingiz quvnaydi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/Hn5D059wY8Y?si=jrQxGXXBLPp0Qxk8" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A.Musayev,O‘zA