Uzoq tarixga ega hamkorlik
Markaziy va Janubiy Osiyo tushunchalari aslida XIX asrda ommalashgan bo‘lib, tarixan bu ikki mintaqa, ikki madaniyat bir-birini to‘ldirib, uyg‘unlashib, bir-biriga yelkadosh bo‘lib, madaniy, siyosiy tadriji davomida o‘zaro chuqur munosabatlarga kirishib kelgan.
Biroq XIX asr ikkinchi yarmidan dunyoning qudratli imperiyalari – Chor Rossiyasi va Angliya ikki mintaqaning yaxlit kuchini sindirish, umumiy-tarixiy ildizlardan mosuvo qilish, birlik rishtalarini uzish maqsadida juda ko‘p sun’iy to‘siqlarni vujudga keltirdiki, oqibat bu yagona makon ikki mintaqaga ajraldi qoldi. Bir narsani unutmaslik kerak: tarix guvoh – biz qachon qudratli davlatga aylangan edik? Qachonki, mintaqalarimiz integratsiyalashgan, bir-birini teran tushuna olgan va hamisha qo‘llab-quvvatlagan davrlarda. Aksincha, hamjihatlik qo‘ldan boy berilgan vaqtdan boshlab, barchamiz uchun sinovli kunlar boshlangan.
Shu o‘rinda ikki mintaqa tarixiy rishtalari haqida kengroq ma’lumotlarga murojaat qilsak.
Uzoq o‘tmishga nazar tashlasak, ikki mintaqa har doim bir-biri tomon madaniy, siyosiy jihatdan talpinganiga guvoh bo‘lish mumkin. Misol uchun, dastlab, bundan uch yarim ming yil muqaddam janubiy Osiyoga qadam qo‘ygan oriylar Markaziy Osiyo orqali o‘tar ekan, bu orqali ikki mintaqa va madaniyatning o‘rtasida ko‘prik yaratgan edi. Kushon imperiyasi davrida ikki mintaqa chegaralari, dini va tilida umumiylik shakllanib, buddaviylikning Markaziy Osiyo orqali ham Xitoy, Koreya, Yaponiya va Tibetga tarqalgani manbalarda qayd etiladi.
Yoxud Markaziy Osiyodagi siyosiy jarayonlar sabab Eftallar Janubiy Osiyodan qo‘nim topdi. G‘aznaviylar saltanatining bir chegarasi Sirdaryo etaklariga tutashgan bo‘lsa, ikkinchi chegarasi Hind okeani sohillariga tegar edi. Bu esa ana shu davrda Markaziy Osiyodagi musulmon allomalarning ilmiy salohiyati asosida hind vodiysidagi matematik bilimlarning butun dunyoga tarqalishiga olib keldi.
Nafaqat matematik, balki falakiyot ilmida ham ajdodlarimiz o‘lkaning ilmiy va tabiiy imkoniyatlaridan samarali foydalangan. Xususan, Abu Rayhon Beruniy boshchiligida Nandana shahrida muhtasham rasadxonaning bunyod qilinishi buning yaqqol misolidir. Bugun Pokiston hukumati tomonidan bu inshoot turistik manzilga aylantirilayotgani ikki mintaqa ilmiy rishtalari uzoq tarixga borib taqalishidan, bu tarixga bo‘lgan munosabat va e’tibor yuksak darajada ekaniligidan dalolat beradi.
XIII asrda butun jahon xaritasining o‘zgarishiga sabab bo‘lgan mo‘g‘ul bosqini davrida o‘zbek xalqining milliy qahramoni Jaloliddin Manguberdi ham 1221-1224 yillar davomida hozirgi Pokiston hududlarida hukmronlik qilib, o‘lkaning siyosiy, ijtimoiy-madaniy hayotiga ta’sir ko‘rsatdi. Sulton Jaloliddin tomonidan mintaqada barpo qilinganligi aytilayotgan Samarqand qal’asi, Karachi yaqinidagi masjid o‘sha davrdagi Sultonning faqatgina siyosiy hukmdor emas, bunyodkor shaxs sifatida ham gavdalanishiga xizmat qiladi. Karachidagi qadimgi Debal shahri o‘rnida barpo qilingan Sulton Jaloliddin masjidi Janubiy Osiyoning janubidagi eng birinchi musulmon masjidi edi. Bu albatta Pokistonda istiqomat qiluvchi 200 milliondan ortiq musulmon aholi uchun Jaloliddin Manguberdi siymosiga nisbatan katta qiziqish va hurmatning tarixiy asoslaridan biridir.
Pokistonda birgina Jaloliddin Manguberdi tarixiga oid o‘nlab tadqiqot ishlari qilingan, Nasim Hijoziyning “So‘nggi qoya” asari esa yuz mingdan ortiq nusxada chop qilingan. Ikki mintaqaning hamkorlik tarixi shu bilan cheklanib qolmaydi. Janubiy Osiyoga Zahiriddin Muhammad Bobur boshchiligidagi temuriylarning kirib kelishi Markaziy Osiyoning Janubiy Osiyo hayoti bilan bog‘liqlikni yanada oshirgan. Vaholanki, Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asari urdu tiliga bir necha marotaba tarjima qilinib, Pokistonda sevib mutolaa qilinuvchi kitobga aylangan. Bunday asarlardan yana biri Zahiriddin Muhammad Boburning qizi Gulbadanbegim qalamiga mansub “Humoyunnoma” asaridir.
Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekistonning Pokiston bilan umumiy ildizi shunchalar chuqurki, bu uyg‘unlik xalqning nomdoshligida ham, qondoshligida ham aks etishi mumkin.
Pokiston ziyolilarining asosini qurgan aksar olimlarning kelib chiqishi ham o‘zbekistonlikdir. Masalan, Pokiston adabiyotiga eng katta ta’sir o‘tkazgan Mirzo Bedil (1644-1721 yy.) va Mirzo G‘olib (1797-1869 yy.) aslan O‘rta osiyolikdir. Mirzo G‘olibning “Devon”i Pokistonda eng ko‘p xarid qilinuvchi kitob hisoblanadi.
Ikki mintaqa o‘rtasida savdo yo‘llarining tarixi ham o‘ziga xos ahamiyatga ega. Janubiy va Sharqiy Osiyo oralig‘i tabiiy to‘siq – Himolay tog‘ tizmalari bilan yopilganligi sababli bu ikki mintaqa savdogarlari Markaziy Osiyo orqali Buyuk ipak yo‘lidan foydalanar edi. Mazkur holat esa bu savdo yo‘llarining ahamiyatini yanada oshiradi. Ibn Battutaning xabar berishicha, o‘rta asrlarda O‘rta osiyolik savdo karvonlarining Hind vodiysiga qatnovi doimiy tus olgan. Ayniqsa, Markaziy Osiyo otlari, Xorazm qovunlari kabi tovarlar Hind vodiysida qimmat baholangan.
Umumiylikni ikki xalqning oshxonasida ham kuzatish mumkin. Zero, Pokiston milliy taomlari madaniyatiga o‘zbekona turmush tarzi ham beqiyos ta’sir qilgan. Palov, somsa, holva, shir hurmo, teldeg, kabob va boshqa ko‘plab taomlar aslida o‘zbek taomlaridir. Mazkur taomlar mahalliy ozuqalarga aralashtirilib keyinchalik Haydarobod, Laknau, Lahor va Peshavor musulmonlari tomonidan rivojlantirilgan. Eng diqqatga sazovor jihati shundaki, Pokistonning milliy tili bo‘lgan urdu va boshqa barcha mintaqadagi tillar o‘zbek tili bilan ohang va mazmun jihatdan nihoyatda yaqin.
Ikki mintaqa tarixida bugungi chambarchaslikning asl ildizlarini ko‘rish mushkul emas.
Bu ildizlar ilmiy-ma’rifiy, madaniy munosabatlarimiz rivojlanishi uchun katta zamin borligini bildirishi bilan bir qatorda, o‘zaro do‘stlik, hamkorlik yo‘lining ajdodlarimiz tomonidan ming yillardan buyon yoritib kelinayotganini ham anglatadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilayotgan pragmatik tashqi siyosatning mazmun-mohiyati aks etgan “Yangi O‘zbekiston strategiyasi” asarida O‘zbekistonning tashqi siyosatini amalga oshirishda ustuvor ahamiyat kasb etadigan vazifalardan biri sifatida qo‘shni Afg‘oniston zaminida tinchlik o‘rnatilishiga amaliy yordam ko‘rsatish, Markaziy Osiyoni Hind okeani bilan bog‘laydigan Trans-afg‘on transport yo‘lagini barpo etishning belgilanishiga juda katta ahamiyat berilayotgani bejiz emas.
Darhaqiqat, o‘tgan yillar davomida bu borada bir qator amaliy ishlar boshlab yuborildi. Xususan, 2018 yil dekabrda O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston, Afg‘oniston va Pokiston temir yo‘l kompaniyalari rahbarlari uchrashuvi bo‘lib o‘tgan edi. Unda “Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar” temir yo‘li qurilishi bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh va moliyaviy konsorsium tashkil qilish haqida kelishib olingandi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, loyiha 5 milliard dollarni, temir yo‘l uzunligi esa 573 kilometrni tashkil qilishi belgilangan. Yangi temir yo‘ldan yiliga 20 million tonnagacha yuk tashish mumkin bo‘ladi. Ushbu loyihaning amalga oshishi Markaziy va Janubiy Osiyoning yanada mustahkam va shaxdam qadamlar bilan taraqqiy etishiga xizmat qiladi, albatta.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan kelgusida ushbu mamlakatga ilmiy safarlar uyushtirish, Abu Rayhon Beruniy, Jaloliddin Manguberdi va boshqa ajdodlarimiz tarixining o‘rganilmagan sahifalarini tadqiq qilish rejalashtirilgan.
Bu bilan ikki davlatning o‘zaro do‘stligini mustahkamlash, xalqlarni yanada yaqinlashtirish, mintaqalar rivojiga hissa qo‘shish asosiy maqsaddir.
Bekzod Abdirimov,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Xorazm viloyati bo‘limi rahbari.
Vasim Sajjad,
Pokiston Islom Respublikasi Islomobod Fan va texnologiyalar universiteti tadqiqotchisi.
O‘zA