Uyushmaning viloyat bo‘limi faoliyati tahlil etildi
Navoiy shahridagi Ma’naviyat va ma’rifat markazida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Navoiy viloyati bo‘limining 2021-2025-yillardagi faoliyati tahliliga bag‘ishlangan hisobot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyatdagi ommaviy axborot vositalari vakillari, Uyushma a’zolari hamda faol va faxriy jurnalistlar ishtirok etdi.
Dastlab Uyushmaning Navoiy viloyati bo‘limi raisi Otabek Aslonovning hisoboti tinglandi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda viloyatda 19 ta bosma nashr, 1 ta davlat teleradiokanali va 1 ta NNT media markazi, 10 ga yaqin internet nashr mavjud. Shuningdek, 15 nafar Respublika OAVlarining viloyat bo‘yicha muxbirlari faoliyat olib bormoqda.

2021-yilga qadar Uyushma a’zolari soni 22 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilda ular soni 64 nafarga yetdi.
2021-2025-yillar davomida islohotlarni aholiga yetkazishdagi faolligi va jurnalistika sohasini rivojlantirishdagi munosib xizmatlari e’tirofi sifatida Uyushma a’zolarining 8 nafari turli darajadagi davlat mukofotlari, faxriy unvonlar va bir qator tanlovlar g‘oliblari bo‘ldi.
Yig‘ilish davomida Uyushma viloyat bo‘limi Taftish komissiyasi moliyaviy hisoboti ham eshitildi.

Tadbirda bir guruh Uyushma a’zolari so‘zga chiqib, amalga oshirilgan ishlar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Shuhrat Oripov so‘zga chiqib, Uyushma oldida turgan muhim vazifalar, kelgusida rejalashtirilgan loyihalar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Tadbir yakunida ko‘rilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA