Uychi tumanida tashkil etilgan kapsula kutubxona o‘z faoliyatini boshladi
Namangan viloyatining Uychi tumani markazida “Yoshlar ziyo maskani” – kapsula kutubxona ochildi. Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tadbirda tuman hokimligi, tegishli tashkilotlar rahbarlari, Davlat xavfsizlik xizmati mutasaddilari, nuroniylar, yoshlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Yangi zamonaviy kutubxona o‘g‘il-qizlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish hamda bilim olishlari uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Ushbu ziyo maskanida kitob mutolaa qilish, dars tayyorlash va mustaqil ta’lim olish uchun qulay muhit yaratilgan.



Kutubxona fondida 1 ming 500 dan ziyod turli sohaga oid kitob o‘rin olgan bo‘lib, kelgusida fondni yanada boyitish rejalashtirilgan. Yangi kapsula kutubxona yoshlarni ilm-fanga, kitobxonlik va izlanishga undaydigan ma’naviy-ma’rifiy maskan sifatida xizmat qilishi, ularning intellektual salohiyatini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shishi shubhasiz.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri