
Farmon va ijro
Kayfiyat yaxshi bo‘lsa kreativ fikrlay olamiz, ishda ham unum bo‘ladi. Odamda ko‘tarinki ruhni ta’minlaydigan omillar juda ko‘p. Ulardan eng asosiylaridan biri – vatan ichra vatanli, o‘z uyi bo‘lishdir.
Boshpanali bo‘lish insonga xotirjamlik beradi. Ijarada yashash bilan bog‘liq xavotirlar, har oy ijara haqini to‘lash, uydan chiqib ketish xavfi kabi muammolar bartaraf etiladi.

Shuningdek, uy-joy insonning shaxsiy mulki bo‘lgani sababli, uning qiymati vaqt o‘tishi bilan ortadi. Bu omil esa iqtisodiy barqarorlikka erishish imkoniyatini paydo qiladi. Mulk – inson uchun katta aktiv. Uning qiymati oshishi yoki ijaraga berish imkoniyati odamga moliyaviy daromad manbaini yaratadi. Ko‘chmas mulkka ega bo‘lish mehnat qilishga va daromadni oshirishga bo‘lgan ishtiyoqni kuchaytiradi.
Shaxsiy uyda oila a’zolari o‘zlarini barqaror va xavfsiz his qiladi. Bola tarbiyasi, oilaviy munosabatlar va turmush darajasi yuqori bo‘ladi.

Shu jihatlarni inobatga olgan holda ko‘plab uy-joyga ehtiyojning hal etilishi mamlakatning barqaror rivojlanishiga umumiy hisobda ta’sir qiladi.
Tijorat banklarining ipoteka kreditidan foydalanish uy-joyga talabi bor insonga masalasini hal qilishning yengilroq yechimlaridan biri sanaladi. Bunday ko‘mak aholiga uzoq muddatli moliyaviy rejalarni tuzish imkonini beradi.
Keyingi besh yilda mamlakatimizda umumiy maydoni 21,7 million metr kvadrat bo‘lgan ko‘p kvartirali uy-joylar barpo etildi. Bu davrda aholining uy-joy sotib olishiga ko‘maklashish uchun 67 trillion so‘mlik ipoteka kreditlari ajratilgan. Ushbu maqsadlarga davlat byudjetidan 44 trillion so‘m yo‘naltirilgani esa muhim ahamiyatga ega.
Yana bir raqam, daromadi yuqori bo‘lmagan 64 ming nafardan ortiq fuqaroga 3,5 trillion so‘mdan ortiq subsidiya mablag‘lari to‘lab berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 21 fevralda “Uy-joy va ipoteka bozorini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Bu hujjat mamlakatimizda zamonaviy uy-joylar qurish ko‘lamini hamda ipoteka mahsulotlari turlarini kengaytirib borish, bu boradagi islohotlarni izchil davom ettirish muhim ahamiyatga ega ekanligini ko‘rsatdi.
Statistikaga ko‘ra, respublikamizda keyingi yillarda aholi soni yiliga qariyb sakkiz yuz ming nafarga, yangi oilalar soni esa uch yuz mingtaga ortmoqda. Bu raqamlar mamlakatda uy-joyga bo‘lgan talabni qondirish bo‘yicha ishlarni jadallashtirish lozimligini ko‘rsatadi.
– Farmonga muvofiq, joriy yilda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturining asosiy yo‘nalishlari belgilandi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bosh mutaxassisi Shahboz Zokirov. – Dasturga ko‘ra, respublika hududlarida jami 135 ming kvartirali uy-joylarni qurish rejalashtirilgan. Shuningdek, ipoteka kreditlari bo‘yicha dastlabki badal va foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar sonini bir yarim baravarga oshirish ko‘zda tutildi. Bundan tashqari, uy-joy va ipoteka bozorini moliyaviy resurslar bilan ta’minlash uchun 20,9 trillion so‘m miqdoridagi ipoteka kreditlari ajratiladi. Farmon ijrosi doirasida ishlar boshlab yuborilgan. Ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar ajratish yuzasidan arizalar 3 martdan qabul qilinmoqda. Buning uchun fuqarolar hududlardagi davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilmoqda. Shuningdek, yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali mustaqil ravishda ariza qoldirayotganlar ham ko‘p.
Shuningdek, farmonda “Yangi O‘zbekiston” va boshqa massivlarda ko‘p kvartirali uy-joylarni barpo qilishda ishtirok etadigan qurilish tashkilotlarini aylanma mablag‘lar bilan ta’minlash uchun Davlat byudjetidan 700 milliard so‘m hamda tijorat banklarining o‘z mablag‘lari hisobidan 3 trillion so‘m miqdoridagi mablag‘larni yo‘naltirish nazarda tutildi.
“Yangi O‘zbekiston” massivlari uchun yangi hududlar urbanizatsiya tamoyillariga muvofiq bir qator mezonlarni inobatga olgan holda tanlanadi. Bu tartib ham 1 martdan kuchga kirdi.
Zamonaviy shaharlar rivojlanishi davomida ularda infratuzilmaning eskirishi, aholi zichligining oshib ketishi va ekologiyaga ta’sir etuvchi omillar kabi muammolar yuzaga keladi.
Renovatsiya orqali esa shaharlar va aholi punktlari modernizatsiya qilinadi. Eskirgan bino va infratuzilmalar zamonaviy talablarga moslashtiriladi. Ushbu jarayon natijasida shahar muhiti yaxshilanadi, aholining yashash sharoitlari isloh qilinadi.
Bu muhim jihatlar inobatga olinib, shu yilning 1 martidan boshlab renovatsiya asosida ko‘p kvartirali uy-joylarni barpo etishning tegishli tartibi joriy etildi.
Shaharsozlik renovatsiyasida jamoatchilik fikri inobatga olinishi, barqaror rivojlanish tamoyillariga rioya qilish juda muhim.
Endi renovatsiya loyihasini boshlashga barcha mulkdorlar bilan notarial tasdiqlangan kelishuv bitimi imzolanganidan so‘ng ruxsat beriladi. Mulkdorlarga, ularning xohishiga ko‘ra, tegishli tartibda ko‘rsatilgan kompensatsiya turlaridan biri taqdim etiladi.
Buzilayotgan turar joy ob’ektlari o‘rniga ularning maydonidan kam bo‘lmagan renovatsiya dasturiga muvofiq yangi quriladigan turar joylardan yashash uchun tayyor holdagi kvartiralarni mulk huquqi asosida berish hamda qurilish davrida ko‘chish, shu jumladan, boshqa turar joy ob’ektini vaqtinchalik ijaraga olish bilan bog‘liq xarajatlarni to‘liq qoplash nazarda tutildi.
Mamlakatimizdagi ko‘p kvartirali uy-joy fondining qariyb qirq foizini ikki-uch qavatli uylar tashkil etadi. Bu statistikaning o‘zi renovatsiya jarayoni nechog‘lik muhimligini ko‘rsatadi. Farmon bilan ijtimoiy soha ob’ektlari va yashil maydonlarga ega zamonaviy uy-joylar qurish uchun yetarlicha imkoniyatlar yaratiladi.
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA muxbiri