Ustozlar maydonda musobaqalashdi
Guliston shahridagi Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida ta’lim tizimi xodimlari o‘rtasida “Sog‘lom tanda — sifatli ta’lim” shiori ostida “Kasaba uyushmalari kubogi” musobaqasining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Sirdaryo viloyat kengashi tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur musobaqada tuman va shahar bosqichlarida saralangan 360 nafardan ortiq ustozlar ishtirok etdi. Bu raqam ortida faqat ishtirok emas, balki ustozlarning sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan munosabati, jamoaviy ruh va g‘alabaga intilish kabi fazilatlar mujassam.
Musobaqaning ochilish marosimida so‘z olgan O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Sirdaryo viloyat kengashi raisi Rustambek Tursunmurodov bu kabi tadbirlar ta’lim sohasi xodimlarining jismoniy faolligini oshirish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish va jamoaviy hamjihatlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Bellashuvlar stol tennisi, shaxmat, shashka, voleybol va mini futbol sport turlari bo‘yicha yuqori saviyada, qizg‘in va murosasiz ruhda o‘tdi. Barcha bahslarda ishtirokchilarning faolligi va g‘alabaga intilishi yaqqol namoyon bo‘ldi.
Shaxmat bo‘yicha ayollar o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqada Boyovut tumani 1-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Sevara Ochilova g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Erkaklar o‘rtasidagi bellashuvda esa Guliston shahri Prezident maktabi o‘qituvchisi Eldor Jumayev barcha raqiblarini mag‘lub etib, 1-o‘rinni egalladi.
– Bu musobaqa men uchun nafaqat raqobat, balki katta tajriba maktabi bo‘ldi. Har bir partiya jiddiy tayyorgarlik va sabrni talab qildi. Qolaversa, bu yerda faqat g‘alaba uchun emas, balki hamkasblar bilan muloqot qilish, fikr almashish imkoniyati ham katta ahamiyatga ega. Shaxmat insonni nafaqat fikrlashga, balki to‘g‘ri qaror qabul qilishga o‘rgatadi. Shu bois bunday musobaqalarni yanada kengaytirish tarafdoriman, – dedi Eldor Jumayev.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, stol tennisi bo‘yicha erkaklar o‘rtasida Boyovut tumani 33-maktab o‘qituvchisi Mardon Avazov, ayollar o‘rtasida Sirdaryo tumani 42-maktab o‘qituvchisi Zuhra Mahkamova birinchi o‘rinni egalladi.
Shashka musobaqasida erkaklar o‘rtasida Sayxunobod tumani 35-maktab o‘qituvchisi Salohiddin Ravshanov, ayollar o‘rtasida esa Munira Nuraliyeva g‘olib deb topildi.
[gallery-29277]
Jamoaviy sport turlarida ayollar o‘rtasidagi voleybol bahslarida Shirin shahri 2-maktab jamoasi chempionlikni qo‘lga kiritdi. Erkaklar o‘rtasida esa Mirzaobod tumani 16-maktab jamoasi tengsiz ekanini namoyon etdi. Mini futbol musobaqasida Guliston shahar 1-maktab jamoasi barcha raqiblarini mag‘lub etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Umumjamoa hisobida uchinchi o‘rin Xovos tumaniga, ikkinchi o‘rin Guliston shahar jamoasiga nasib etdi. Eng yuqori natijani qayd etgan Boyovut tumani ustozlari musobaqa g‘olibi sifatida “Kasaba uyushmalari kubogi”ni qo‘lga kiritib, 30 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi.
– O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Sirdaryo viloyat kengashi tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur musobaqa viloyat maktabgacha va maktab ta’limi tizimida faoliyat yuritayotgan ustozlar uchun nafaqat sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga qaratilgan muhim bellashuv, balki ularga katta kuch va rag‘bat bergan tadbir bo‘ldi. Ahamiyatli jihati, musobaqada ishtirok etgan har bir o‘qituvchi shijoat ko‘rsatib, g‘alaba uchun astoydil kurashdi, – dedi musobaqa yakunida Sport boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Niyoz Qosimov.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat), O‘zA