Ustoz rassom xotirasi yodga olindi
Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida O‘zbekiston xalq rassomi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, professor Qutlug‘ Basharov xotirasiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 13 fevraldagi farmoyishi ilovasi bilan tasdiqlangan “2025 yilda ilm-fan, adabiyot, madaniyat va san’at, diniy ma’rifat sohalari atoqli namoyandalarining tavallud kunlarini munosib nishonlash hamda ularni keng targ‘ib etish dasturi” asosida tashkil etildi.

Tadbir avvalida Qutlug‘ Basharovning aziz xotirasiga bag‘ishlab rassomning hayoti va ijodiy faoliyatiga oid videorolik namoyish etildi.
Tadbirni ushbu oliy o‘quv yurti rektori Omonulla Solihov ochib berdi hamda taniqli grafik rassom, akademik Qutlug‘ Basharovning faoliyati va ular yaratib ketgan maktabning bugungi kundagi o‘rni va ahamiyati xususida o‘z fikrlarini bildirdi.

O‘zbekiston xalq rassomi, Badiiy akademiya akademiklari, professorlar Bahodir Jalolov, Imyar Mansurov, Akmal Ikromjonov, Sa’dulla Abdullayev, Milliy rassomlik va dizayn instituti dosenti Nosirjon Husanov hamda Qutlug‘ Basharovning qizi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Feruza Basharova ustoz rassomning hayoti, ijodiy faoliyati, ularning kelajak avlodga qoldirgan ilmiy merosi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Seminardan so‘ng, tadbir ishtirokchilariga institutda tashkil qilingan Qutlug‘ Basharovning ijodiy ishlaridan iborat ko‘rgazma namoyish etildi.
N.Usmonova,
O‘zA