Ustaxonaga yashiringan mashina topildi
Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining Namangan viloyati boshqarmasining Chust tumani bo‘limi ish yurituvida fuqarolik ishlari bo‘yicha Namangan tumanlararo sudining ijro varaqasiga asosan qarzdor M.Sh. dan undiruvchi “Kapitalbank” Namangan filiali foydasiga 160 million 270 ming 177 so‘m kredit va 6 million 410 ming 807 so‘m davlat boji undirish belgilangan.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Chust tumanlararo sudining ijro varaqasiga asosan qarzdordan undiruvchi “Apex insurance” aksiyadorlik jamiyati sug‘urta tashkiloti foydasiga ham 10 million 557 ming 360 so‘m qarz undirish hamda 442 ming 394 so‘m davlat boji undirish ko‘rsatilgan.
Shuningdek, mazkur transport vositasi haydovchisining yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun qo‘llanilgan va to‘lanmagan 43 ta ma’muriy jarimasi ham ish yurituviga kelib tushgan. Umumiy qarzdorlik 185 million 401 ming 719 so‘mni tashkil etgan. Mazkur qarzdorlikni undirish maqsadida davlat ijrochisi tomonidan harakatlar olib borilgan. Ya’ni, qarzdorning sud qarorida ko‘rsatilgan yashash xonadoni xolislar hamda mahalla vakillari ishtirokida o‘rganilganda, bu manzildan ko‘chib ketganligi aniqlangan. Qarzdorga tegishli “Lacetti” avtomobiliga qidiruv e’lon qilingan.
Amalga oshirilgan ijro harakatlari davomida yaqindagina, qarzdorga tegishli avtotransport vositasi ta’mirlash ustaxonasidan topildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.