Urush faxriysi holidan xabar olindi
Yillar o‘tgani sari Ikkinchi jahon urushidan omon qaytib kelganlarning safi tobora kamayib bormoqda.
Vatan uchun jonini tikkanlarning xotirasini yod etish, biz bilan yonma-yon yashayotgan faxriylarni yo‘qlash xalqimizning azaliy qadriyatlaridan biri. Respublikamizning barcha hududlarida ularning holidan xabar olinib, ehtirom ko‘rsatilmoqda.
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori Alisher Umarov va universitet jamoasi Chilonzor tumanidagi Katta Qazirobod mahallasida istiqomat qilayotgan urush faxriysi, 97 yoshli Chingiz ota Zalyalyutdinov xonadoniga bordi.
bugungi tinch va osuda hayotimiz sababchilari, matonat, mardlik va jasorat timsoli bo‘lgan ushbu tabarruk insonni universitet rektori bayram bilan samimiy qutladi.
97 yoshga kirishiga qaramay hali bardam, fikri tiniq, o‘tmish voqealarini yaxshi eslaydigan Chingiz ota Zalyalyutdinov urush yillaridagi voqealardan aytib berdi va bugungi tinch, osoyishta zamonning qadriga yetish zarurligini ta’kidladi.
Urush faxriysining xonadonida universitet musiqa ta’limi fakulteti talabalari hamda harbiy talabalar ijrosida yangragan tantanali kuylar, yoshlar vakillarining samimiy qutlovlari, Vatan va tinchlikni ulug‘lovchi she’rlar tadbirga o‘zgacha ruh bag‘ishladi.
– Ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikdan benihoya xursandmiz. Xalqimizni, Prezidentimizni har kuni duo qilamiz. Hech qachon urush bo‘lmasin, tinchlikning qadriga yetaylik, – deydi Chingiz ota.
Fayzullo Yahyoyev,
O‘zA