Urug‘chilik sohasida Xitoy tajribasi o‘rganilmoqda
Ayni kunlarda Urug‘chilikni rivojlantirish markazi direktori o‘rinbosari Bahodir Muydinov O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasi vakillaridan iborat delegatsiya tarkibida Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib, mamlakatning ilg‘or qishloq xo‘jaligi tajribasini o‘rganmoqda.
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida urug‘chilik sohasidagi hamkorlik so‘nggi yillarda, xususan 2025–2026-yillarda strategik bosqichga ko‘tarildi va yirik investitsiyaviy hamda ilmiy loyihalarni qamrab olmoqda. Bu sheriklik mamlakatimiz agrar sektoriga ilg‘or Xitoy texnologiyalarini joriy etish, yuqori hosildor hamda iqlim o‘zgarishlariga chidamli ekin navlarini yaratishga qaratilgan.

Ushbu hamkorlikning keyingi istiqbollariga bag‘ishlangan safar doirasida delegatsiya a’zolari urug‘chilikka ixtisoslashgan “Anhui Luyi” kompaniyasining urug‘chilik maydonlarida bo‘lib, seleksiya va urug‘chilik yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar, ekinlarni yetishtirish texnologiyalari hamda zamonaviy agrotexnologiyalar bilan yaqindan tanishdi.

Dala maydonlaridagi amaliy jarayonlar davomida xitoylik mutaxassislar bilan tajriba almashilib, urug‘chilik va seleksiya sohasida hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, ilg‘or texnologiyalarni O‘zbekiston sharoitida qo‘llash imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
Mutaxassislarning qayd etishicha, mazkur tashrif urug‘chilik va seleksiya yo‘nalishida xalqaro tajribani o‘rganish, zamonaviy texnologiyalarni amaliyotga joriy etish hamda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA