Universitetning 25 nafar bitiruvchi talabasi ishli bo‘ldi
Andijon davlat universitetida “Karera kuni” tadbiri doirasida bitiruvchi talabalar bilan uchrashuv va mehnat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.
Bitiruvchi talabalar bandligini ta’minlash, ularni mehnat bozoriga muvaffaqiyatli integratsiyasiga ko‘maklashish, yoshlarning tadbirkorlik salohiyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida universitetning bitiruvchi talabalari, shuningdek, 60 dan ziyod mutasaddi tashkilot vakillari ishtirokida tadbir tashkil etildi. Unda mamlakatimizda oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilarining bandligini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.

Dastlab Andijon davlat universiteti rektori Baxtiyorjon Akbaraliyev hamda “O‘zmilliybank” AJ viloyat boshqarmasi mas’ullarining bitiruvchi talabalari bilan ochiq muloqot shaklida uchrashuvi o‘tkazildi. Uchrashuvda talabalarga zamonaviy mehnat bozori talablari, mutaxassislik bo‘yicha ishga joylashishning muhim jihatlari hamda moliyaviy savodxonlik to‘g‘risida ma’lumot va tavsiyalar berildi.

Uchrashuvdan so‘ng viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi umumta’lim hamda ixtisoslashtirilgan maktablar, qator korxona va tashkilotlar ishtirokida mehnat yarmarkasi tashkil etildi.

Yarmarka davomida ish beruvchilarning bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha taqdimotlari o‘tkazildi. Talabalar ish beruvchi tashkilotlar rahbarlari, vakillari bilan bevosita suhbatlashish, o‘zlari haqidagi ma’lumotlarni taqdim etish, bo‘lajak ish faoliyati bo‘yicha kelishuvlarga erishish imkoniga ega bo‘ldi.

Mehnat yarmarkasi doirasida 25 nafar bitiruvchining bandligini ta’minlash bo‘yicha shartnomalar imzolandi. Bu bitiruvchilarga kelajakda barqaror va muvaffaqiyatli mehnat faoliyatini boshlashi uchun mustahkam zamin yaratadi.

– Men yarmarkada Andijon viloyati arxiviga ishga joylashish bo‘yicha shartnoma imzoladim, – deydi universitetning tarix fakulteti arxivshunoslik yo‘nalishi bitiruvchisi Begijon Kozimov. – Ochig‘i, katta tashvishdan qutuldim, o‘qishni tamomlab qayerga ishga boraman, deb o‘ylanib yurgan edim. Mana endi ish joyim tayin bo‘ldi. O‘qishni tamomlab, astoydil ish boshlayman.
Andijon davlat universiteti, qolaversa, viloyatdagi oliy o‘quv yurtlarida bitiruvchi talabalar bandligini ta’minlashga qaratilgan bu kabi tadbirlar o‘tkazib borilishi belgilangan.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.