Universitetida yangi kitob taqdimoti o‘tkazildi
Samarqand davlat universitetida “Yangi O‘zbekistonning iste’dodli yoshlari” nomli yangi kitob taqdimoti o‘tkazildi.
Tadbirda Samarqand davlat universiteti rektori, professor, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov, muassasa professor-o‘qituvchilari, talabalar ishtirok etdi. Rustam Xolmurodov mazkur kitobning tuzuvchi va nashr uchun mas’ullariga, ushbu muhim loyiha rahbari akademik Oqil Salimovga alohida minnatdorlik bildirdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yoshlarimiz orzu va umidlariga, tashabbus va intilishlariga, bilim egallashlariga, xorijda tajriba almashishlariga keng imkoniyat yaratish zarurligini har doim ta’kidlab keladi.
“Yangi O‘zbekistonning iste’dodli yoshlari” kitobi ham mana shu vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan. Mazkur to‘plamning ikkinchi jildiga respublika oliy ta’lim muassasalarining magistratura, bakalavr bosqichlarida tahsil olayotgan iqtidorli yoshlar, doktorantlar, shuningdek, vazirlik va idoralarda faoliyat ko‘rsatish bilan bir qatorda ilmiy tadqiqot ishlari olib borayotgan yosh olimlarning ilmiy ishlari jamlangan.
Iqtidorli yoshlar ta’lim-tarbiyasi, ularga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rliklar o‘z mevasini berishi shubhasiz.
– Ushbu to‘plamiga mening ham maqolam kiritilganidan xursandman, –deydi Samarqand davlat universiteti magistranti Hasan Oripov. – Bu loyihani mamlakatimiz yoshlarini ilmiy izlanishlarga undovchi, yoshlarda ertangi kunga ishonch va umid uyg‘otuvchi tashabbus deb bilaman. Yutug‘imizni ko‘rgan tengdoshlarimiz ham tanlovda ishtirok etib, kitobning keyingi jildlarida maqolalari bilan qatnashishga harakat qilishmoqda. Fursatdan foydalanib, ushbu loyiha tashkilotchilariga o‘z minnatdorligimni bildirmoqchiman.
Bugun mana shu to‘plamdan maqolalari o‘rin olgan yoshlar orasidan ertaga yetuk shaxslar chiqishiga ishonish mumkin.
– Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash Ulug‘bek jamg‘armasining ushbu tanlov va loyihasida ishtirok etish niyatida bo‘lgan yoshlar safi kundan kunga ortayotgani quvonarlidir, –deydi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari Uzoqboy Begimqulov. – Umid qilamanki kelajakda har bir oliy o‘quv yurti yoshlarining ilmiy ishlari jamlangan mana shunday kitoblarni ko‘plab nashr etamiz.
Samarqand davlat universiteti Axborot xizmati.