Universitet oʻqishni onlayn boshlaydi
Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga 2020-2021 oʻquv yili uchun kunduzgi boʻlimga 1 125 nafar, sirtqi boʻlimga esa 600 nafar talaba qabul qilinishi rejalashtirilgan.
Qabul– 2020
Koronavirus pandemiyasi butun insoniyat, shu jumladan, sportchilar hayot tarzini ham oʻzgartirib yubordi, masofaviy ish va masofadan turib taʼlim olish, xizmatlar qatorida taʼlim tizimi ham tezda onlayn formatga oʻtishga majbur boʻldi. Joriy yilda hujjatlar DTM saytida, Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali onlayn qabul qilindi.
Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida 2020-2021 oʻquv yili uchun yettita yoʻnalishga hujjat qabul qilindi. Bular:
– Maktabgacha va boshlangʻich taʼlimda jismoniy tarbiya va sport;
– Psixologiya (sport);
– Menejment (jismoniy tarbiya va sport menejmenti);
– Menejment (sport tadbirlarini tashkil etish va boshqarish);
– Marketing (sport);
– Sport faoliyati (voleybol, basketbol, badminton, gandbol, tennis, stol tennisi, regbi, kurash, belbogʻli kurash, suzish, eshkak eshish, sinxron suzish, ogʻir atletika, ot sporti, velosport, yengil atletika, triatlon, biatlon, dzyudo, karate VKF, sambo, erkin kurash, yunon-rum kurashi, boks, taekvondo WTF, qilichbozlik, sport gimnastikasi, badiiy gimnastika, futbol, xokkey, togʻ-changʻi sporti, shaxmat).
Shu jumladan, xotin-qizlar sportini rivojlantirish yoʻnalishi boʻyicha hujjatlar qabul qilindi.
Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga 2020-2021 oʻquv yili uchun kunduzgi boʻlimga 1 125 nafar, sirtqi boʻlimga esa 600 nafar talaba qabul qilinishi rejalashtirilgan.
Joriy yilda Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga jami 19 407 (kunduzgi boʻlimga 12415 nafar, sirtqi boʻlimga 6992 nafar) nafar abituriyent hujjat topshirdi. Agar oʻtgan yil bilan solishtirilsa, bu yil talabgorlar koʻproq.
Hozir abituriyentlarni ham, ota-onalarni ham ijodiy imtihonlar qay tartibda oʻtkaziladi va karantin talablari qanday boʻladi, degan savol qiziqtirishi tabiiy.
Pandemiya davrida karantin, sanitariya talablariga qatʼiy rioya etilgan holda test sinovlari bilan bir qatorda kasbiy (ijodiy) imtihon boʻladigan taʼlim yoʻnalishlari uchun imtihonlar 3-sentyabrdan
20-sentyabrgacha vaqt oraligʻida oʻtkaziladi.
Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida imtihonlar kasbiy (ijodiy) hamda test yoʻnalishida tashkil etiladi. Toʻliq ijodiy imtihon asosida talabalikka qabul qilinadigan yoʻnalishlarda abituriyentlar shu paytga qadar maxsus va umumiy jismoniy tayyorgarlikdan tashqari suzish boʻyicha ham imtihon topshirib kelishardi. Joriy yilgi qabul mavsumida abituriyentlar faqat maxsus va umumiy jismoniy tayyorgarlik boʻyicha imtihon topshiradi, suzish sporti majburiy imtihonlardan olib tashlanadi.
Kasbiy (ijodiy) imtihon meʼyorlari abituriyentlar jinsi va yoshi boʻyicha 35 yoshgacha va 35 yoshdan yuqori yosh toifalariga ajratilgan holda ishlab chiqildi.
2020-2021 oʻquv yili uchun qabul boʻyicha Maktabgacha va boshlangʻich taʼlimda jismoniy tarbiya va sport va Sport faoliyati (faoliyat turlari boʻyicha) bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarida kasbiy (ijodiy) imtihonlar Toshkent shahri va Toshkent viloyatida (universitet binosida) hududlar kesimida qabul qilinadi. Abituriyentlar ijodiy imtihonlarni faqat bir kun va uzogʻi bir soat ichida topshirishadi.
Ijodiy imtihonlarda korrupsiya holatlarining oldini olish hamda shaffoflikni taʼminlash maqsadida kasbiy (ijodiy) imtihonlar videokuzatuvlar orqali qatʼiy nazorat qilinadi va jamoatchilik kuzatuvi taʼminlanadi.
Yangi oʻquv yili uchun ham tayyorgarliklar avjida. Yangi 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab Sport faoliyati (faoliyat turlari boʻyicha) va Maktabgacha va boshlangʻich taʼlimda jismoniy tarbiya va sport bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha oʻqish muddati 3 yil etib belgilandi. Mazkur oʻquv yilidan eʼtiboran universitetida yangi – 5 ta sport faoliyati (stol tennisi, regbi, karate VKF, togʻ-changʻi sporti, shaxmat) yoʻnalishi ochildi. Shuningdek, universitetda 1 ta yangi fakultet, 2 kafedra ochildi. Universitetning Oʻquv-uslubiy boʻlimi Oʻquv-uslubiy boshqarmaga aylantirildi. Yana shuni eʼtirof etish kerakki, universitet qoshida Uychi sport texnikumi tashkil etildi.
Yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik koʻrish va oʻquv jarayonini sifatli tashkil etishni taʼminlash boʻyicha kafedralarda doimiy ravishda monitoring oʻtkazib borilayapti. Mazkur jarayonda kafedralarning ishchi oʻquv reja va ishchi fan dasturi, namunaviy oʻquv rejasi, auditoriyalarning yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik holati, maʼruzalarning elektron shakllari, kafedraning reyting nizomi, barcha taʼlim yoʻnalishlari uchun DTS va malaka talablari bilan taʼminlanganlik kabi masalalar koʻrib chiqilmoqda.
Shuningdek, professor-oʻqituvchilar tomonidan 23 darslik hamda 43 ta oʻquv qoʻllanma yaratildi, nashr etish ishlari olib borilmoqda.
Ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etishda joriy yilning shu davriga qadar universitet qoshidagi Jismoniy tarbiya va sport mashgʻulotlari nazariyasi va metodikasi ixtisosligi boʻyicha ilmiy kengashda 12 nafar tadqiqotchi falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasini himoya qildi.
Bugungi kunda universitetda ikkita amaliy loyiha bajarilmoqda.
Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan eʼlon qilingan loyihalar tanloviga 5 ta, jami 3 milliard 800 million soʻmlik loyiha topshirilgan.
Shuningdek, “Qishki sport turlarida sportchilarning harakat tayyorgarligini nazorat qilish va baholash uchun 3D veb portalini yaratish” nomli loyihani (3 mlrd.soʻmlik) tayyorlash ishlari olib borilmoqda.
Pandemiya boʻlishiga qaramay xalqaro hamkorlik ham toʻxtab qolgani yoʻq. Yevropaning nufuzli oliygohlaridan biri – Litva sport universiteti hamda Rossiya Federatsiyasining Ural davlat jismoniy tarbiya universiteti bilan olib borilgan onlayn muzokaralar natijasida hamkorlik kelishuvlariga erishildi.
Bugun barcha oliy taʼlim muassasasi va talabalarni oʻylantirayotgan savollar bor. Barcha kurslarda taʼlim onlayn olib boriladimi? Yoki oʻqish anʼanaviy boʻladimi?
Aprel oyidan buyon biz darslarni onlayn oʻtkazyapmiz, lekin xohlaymizmi, xohlamaymizmi, onlayn tizim odatiy, yuzma-yuz dars oʻtish tizimining oʻrnini bosa olmaydi. Shuning uchun biz hozircha sentyabr oyidan boshlab 2, 3 va 4-kurs va magistratura 2-kurs talabalariga oʻqishni onlayn tarzda boshlaymiz, oktyabr oyida 1-kurslarni ham qabul qilib olganimizdan keyin pandemiya sal yumshasa, unda balki anʼanaviy tizimga yana qaytarmiz, lekin biz har qanday vaziyatga tayyor turishimiz kerak. Dunyoda hali bunday vaziyat boʻlmagan, hech kimda tajriba yoʻq. Albatta, biz xorijiy tajribani ham chuqur oʻrgangan holda vaziyatga yondoshamiz.
Sirtqi va maxsus sirtqi taʼlim shakllarida oʻqish jarayonlari belgilangan grafiklar asosida masofaviy (onlayn) shaklda boshlanadi va davom ettiriladi.
Boʻlajak sportchilar amaliy koʻrsatkichlari tushib ketmasligi uchun qanday choralar koʻriladi? Onlayn darslarda faqat nazariya oʻtiladimi yoki jismoniy mashqlar bajarilishiga erishish mumkinmi?
2020/2021 oʻquv yilining kuzgi semestrda oʻqitiladigan fanlar boʻyicha nazariy maʼlumotlar (maʼruza matnlari, seminar ishlanmalari, testlar toʻplami, elektron adabiyotlar) masofaviy taʼlim platformasiga joylashtirilmoqda.
Tasdiqlangan reja-jadval asosida “Sport pedagogik mahoratini oshirish” fanidan har bir sport turining xususiyatidan kelib chiqib, amaliy mashgʻulot materiallari videorolik koʻrinishida tayyorlanmoqda.
Universitet sport yoʻnalishlari boʻyicha mutaxassislar tayyorlaydigan taʼlim muassasasi hisoblanadi. Shuning uchun ham kunduzgi taʼlim shaklida “Sportda pedagogik mahoratni oshirish” fani taʼlim jarayonining 60-70 foizini tashkil etadi. Bu, eng avvalo, talabalar sport yoʻnalishlaridan kelib chiqib, ular texnik, taktik bilimlarini oshirish sir-asrorlarini puxta egallashi uchun zamin yaratadi.
Shundan kelib chiqib kunduzgi taʼlim shaklida oʻqiyotgan talabalarning masofaviy taʼlimda “Sportda pedagogik mahorat” fanini toʻliq oʻzlashtirishida muammolar mavjud. Bu muammolarni sportchi talabalar amaliy mashgʻulotlarni murabbiy nazorati ostida olib bormasligi, murabbiy tomonidan talabalarning mashgʻulot olib borishidagi xato va kamchiliklarni toʻgʻrilash imkoni mavjud emasligida koʻrishimiz mumkin.
Yuqoridagi muammolarni hal etish maqsadida universitetda masofaviy taʼlim tizimida oʻqituvchi-murabbiylar tomonidan oʻquv mashgʻulotlari videotasvirga olingan holda talabalarga onlayn tarzda yetkazilib, vazifalar beriladi.
Shu oʻrinda ota-onalar va abiturentlarga murojaat qilmoqchiman.
Hurmatli abituriyentlar va ota-onalar!
Bugungi kunda davlatimiz tomonidan korrupsiyaning oldini olish boʻyicha juda koʻp ishlar olib borilmoqda. Yoshlarning ilm dargohlariga halol va pok kirishlari uchun keng imkoniyatlar eshigi ochib berildi. Afsuski, tovlamachilar va firibgarlarning dunyoqarashi oʻzgarmayapti. Ular hamon eskicha oʻy-xayollarda, qingʻir yoʻllar bilan moʻmay daromad topish ilinjida yuribdi. Ularning tuzogʻiga ilinib qolmang!
Xalqimizda “Qars ikki qoʻldan chiqadi”, degan naql bor. Farzandingizga yordam beraman desangiz, nooʻrin va pinhona xatti-harakatlarga yoʻl qoʻymang! Agarda Sizga kimdir universitetda tanishim bor, shu universitetda ishlayman, oʻqishga kiritib qoʻyaman desa, ishonmang. Bu haqda darhol (98)125-13-26, (99)837-79-84 telefon raqamlarga murojaat qilishingizni soʻraymiz.
Keling, farzandlarimizning mustaqil hayotga qoʻyadigan birinchi qadami halol va pok boʻlishi uchun birgalikda qaygʻuraylik.
Oʻzingizni asrang, karantin qoidalariga amal qiling.
Mahmudjon Boltaboyev,
Oʻzbekiston davlat jismoniy
tarbiya va sport universiteti rektori.