Universitet nufuzli reytingdan joy oldi
Jahon miqyosida o‘ziga xos nufuzga ega bo‘lgan “QS Quacquarelli Symonds” agentligi tomonidan “QS Asia University Rankings 2026” – Osiyo qit’asining eng yaxshi universitetlari reytingi e’lon qilindi.
E’tiborlisi shundaki, undan Namangan davlat texnika universiteti ham o‘rin olib, yurtimiz oliy ta’lim muassaalari o‘rtasida 17-o‘rinda, umumiy reytingda esa “TOP-951-1000”talikda qayd etilgan. Ma’lumot o‘rnida, mazkur reytingda Osiyoning 25 ta mamlakat va hududidan 1500 dan ortiq universitetlar baholangan. Ulardan 557 tasi ilk bor ro‘yxatdan joy olgan.

Reyting mezonlari ilmiy salohiyat, xalqaro nufuz, bitiruvchilarning bandlik darajasi, o‘quv jarayonining sifat ko‘rsatkichlari hamda xalqaro hamkorlik faoliyatiga asoslanadi. Prezidentimizning 2025 yil 24 yanvardagi tegishli qarori bilan Namangan muhandislik-texnologiya instituti, Namangan muhandislik-qurilish instituti va Namangan to‘qimachilik sanoati instituti negizida tashkil etilgan Namangan davlat texnika universiteti asosiy vazifalardan biri sifatida hududning yuqori malakali muhandis mutaxassislariga bo‘lgan ehtiyojni ta’minlashga alohida e’tibor bermoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.