Un ishlab chiqarishda uzilish boʻlmaydi
Koronavirus pandemiyasi butun dunyoni jiddiy sinovdan oʻtkazayotgan bugungi kunda oziq-ovqat sanoatining uzluksiz ishlashi ijtimoiy barqarorlikni saqlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Koronavirus pandemiyasi butun dunyoni jiddiy sinovdan oʻtkazayotgan bugungi kunda oziq-ovqat sanoatining uzluksiz ishlashi ijtimoiy barqarorlikni saqlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ayniqsa, dasturxonining bosh neʼmati non boʻlgan oʻzbek xalqi uchun don mahsulotlari korxonalarining oʻrni beqiyos.
“Namangan don mahsulotlari” ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyati ishlab chiqarish salohiyati jihatidan nafaqat viloyat, balki respublikada ham mavqei mustahkam korxonalardan biri hisoblanadi.
El boshiga ish tushgan bugungi kunda ham mazkur jamiyat jamoasi xalqimizga un yetkazib berish, non va non mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar bir maromda ishlashini taʼminlashdek hayotiy ehtiyoj bilan bogʻliq vazifasini sharaf bilan ado etib kelmoqda.
Ishlab chiqarish uzluksizligini taʼminlash maqsadida korxonada 280 ga yaqin xodimning navbatchilik jadvali asosida ishlashi yoʻlga qoʻyilgan. Barcha sex va boʻlinmalarda ishlovchilar ikki guruhga ajratilgan holda, oʻn besh kunlik vaxta tamoyilida, yotoq tartibida mehnat qilmoqda. Ularning salomatligi va xavfsizligini taʼminlash boʻyicha ishlab chiqilgan chora-tadbirlar asosida korxona hududida karantin bilan bogʻliq sanitariya-gigiyena talablariga rioya qilish uchun barcha sharoit yaratilgan.
Joriy yilning mart oyida amalga oshirilgan qayta modernizatsiyalash doirasida korxonada yangi quvvat – 250 tonna bugʻdoyni qayta ishlaydigan tegirmon sexi ham ishga tushirildi. Korxona tomonidan mart-aprel oylarida qariyb oʻn ming tonna un ishlab chiqarildi.
– Ayni paytda 140 nafar ishchi karantin talablariga rioya etgan holda oʻz mehnat faoliyatini davom ettirayapti – deydi korxona kasaba uyushmasi raisi Erkin Qahhorov. – Yotoq tartibida ishlayotganlarning gigiyena qoidalariga rioya etishi qatʼiy nazoratga olinib, ularning tana harorati muntazam oʻlchab turilibdi. Korxona hududiga mahsulot olgani kelgan transport vositalari dezinfeksiya qilingach ichkariga kiritilmoqda.
Chiqarilayotgan mahsulot viloyat aholisiga toʻla yetkazib berilmoqda. Bu jarayon davlat soliq xizmati tomonidan toʻliq nazoratga olingan.
– Shuningdek, qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchisi hisoblangan “Namangan don mahsulotlari” ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyatining davlat byudjetini mustahkamlashdagi ahamiyatini ham taʼkidlab oʻtish joiz, – deydi Namangan viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati rahbari Ulugʻbek Inomov. – Korxona tomonidan davlat byudjetiga aprel oyi uchun 4 milliard, joriy yilning oʻtgan davri mobaynida jami 7,5 milliard soʻmdan ziyod mablagʻ oʻtkazib berildi.
Pandemiya davrida davlatimizda tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash borasida qator farmonlar eʼlon qilindi. Bu, oʻz navbatida, ularning faoliyatiga salbiy taʼsir etishi mumkin boʻlgan omillarni yumshatishga xizmat qilmoqda.
Maʼlumot oʻrnida shuni alohida taʼkidlash joizki, viloyatda ayni paytda pandemiya sabab faoliyatini toʻxtatgan 8559 ta korxona va tashkilotlarning 1917 tasi qayta ish boshladi.