Umid ranglari: saraton bilan kurashayotgan bolalar ijodi ko‘rgazmasi
O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasida alohida ma’naviy ahamiyatga ega bo‘lgan ko‘rgazma tashkil etildi. Unda saraton va oq qon kabi kasalliklar bilan kurashayotgan bolalar tomonidan chizilgan suratlar namoyish etildi.
Mazkur loyiha nafaqat san’at tadbiri, balki og‘ir kasallikka qarshi kurashayotgan bolalar hayotiga umid, quvonch va ishonch olib kirishga qaratilgan ijtimoiy tashabbus.
Ko‘rgazma O‘zbekiston Milliy banki homiyligida tashkil etildi. Bank tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan ushbu loyiha kichik yoshdanoq onkologik kasalliklar bilan kurashayotgan bolalarga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish, ularning iste’dodini yuzaga chiqarish hamda jamiyat e’tiborini ushbu muammoga qaratishga xizmat qilmoqda.
Ko‘rgazmada namoyish etilgan rasmlar og‘ir sinovlarni boshdan kechirayotgan qalblarning samimiy ifodasi. Rang-barang manzaralar, orzular, tabiat, oilaga bo‘lgan mehr yoki shunchaki yorqin ranglardan iborat kompozitsiyalar orqali bolalar o‘z his-tuyg‘ularini ifoda etgan.
Ko‘rgazma zallarida rasmlarni tomosha qilayotgan mehmonlar uchun bu asarlar shunchaki chiroyli tasvirlar emas, balki har birining ortida yashiringan hikoya - jasorat, sabr va umid hikoyasi edi.
Ko‘rgazmaning muhim jihatlaridan biri — bolalar chizgan rasmlar kim oshdi savdosi orqali sotilgani bo‘ldi. Ushbu savdolardan tushgan mablag‘lar saraton kasalligiga chalingan bolalarni davolash va ularni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.
Tadbir davomida ko‘plab mehmonlar rasmlarni sotib olib, san’at asari hamda ezgu maqsadga hissa qo‘shish imkoniga ega bo‘ldi.
Ayrim rasmlar kutilganidan ham yuqori narxlarda sotilgani esa jamiyatda bunday tashabbuslarga befarq bo‘lmagan insonlar ko‘pligini ko‘rsatdi.
[gallery-28161]
Mazkur loyiha jamiyatda mehr-oqibat va ijtimoiy mas’uliyat tuyg‘ularini mustahkamlashda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Davlat tashkilotlari, banklar, san’at ahli va oddiy fuqarolarning bir maqsad yo‘lida birlashib, og‘ir kasallik bilan kurashayotgan bolalarga yordam berishi insonparvarlikning yorqin namunasi.
Shu jihatdan, bu nafaqat ko‘rgazma, balki jamiyatni yaxshilik va hamjihatlik atrofida birlashtiruvchi muhim ijtimoiy tashabbus sifatida ham alohida ahamiyatga ega.
Dildora DO‘SMATOVA,
Asliddin Alijonov (surat), O‘zA