“Ulug‘ jahon baraka” mahsulotlari xaridorgir
Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanidagi “Ulug‘ jahon baraka” mas’uliyati cheklangan jamiyatida makulaturadan sanoatbop qog‘oz va kartonlar tayyorlanib, ichki bozorga peshma-pesh yetkazib berilayotir.
Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlarning samarali faoliyat yuritishi uchun qulay sharoit va imkoniyat yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanidagi “Ulug‘ jahon baraka” mas’uliyati cheklangan jamiyatida makulaturadan sanoatbop qog‘oz va kartonlar tayyorlanib, ichki bozorga peshma-pesh yetkazib berilayotir.
– Bank krediti hisobiga bunyod etilgan jamiyatimiz yiliga ming tonnadan ortiq mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega, – deydi korxona ish yurituvchisi Ravshan Oxunov. – Yigirma nafar kishi mehnat qilayotgan korxonamiz mahsulotlariga bo‘lgan talab ortib borgani sayin daromad ham ko‘paymoqda. Kelgusida ishlab chiqarish hajmini yanada oshirish hamda qo‘shimcha yangi ish o‘rinlari yaratishni rejalashtirganmiz.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, “Ulug‘ jahon baraka” mahsulotlari sifati yuqoriligi, tabiiy rangi va holatini uzoq vaqt saqlab turishi hamda sanoatda keng qo‘llanilishi bilan ajralib turadi.
Quyi Chirchiqda bunday kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari soni yildan-yilga ko‘paymoqda. Bu yerda faoliyat yuritayotgan besh yuzga yaqin ana shunday subyekt tomonidan joriy yilda 204,6 ming AQSh dollarilik tovar va xizmatlar eksporti amalga oshirildi. Sog‘lom bola yilida ularni qo‘llab-quvvatlashga tijorat banklari tomonidan 5 milliard 527 million so‘m kredit mablag‘lari yo‘naltirilgan.