Ulug‘ adib asarlari o‘quvchini odobga chaqiradi
5 avgust – O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov tug‘ilgan kun
O‘zbek kitobxonlari orasida O‘tkir Hoshimov asarlarini o‘qimagan kishi bo‘lmasa kerak. Shuningdek, uning asarlari kirib bormagan xonadon ham yo‘q. Adib xalqona, sodda va samimiy yozar edi. Kitobxon asardan olam-olam ma’no olishi, estetik zavqlanishi bilan bir qatorda ruhan tarbiyalanar edi. Adib o‘quvchini tarbiyalashni ham o‘z zimmasiga olib yozardi.
– O‘tkir Hoshimov o‘zbek adiblari orasida adabiyotda odob mezonlariga to‘liq amal qilgan yozuvchilardan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi,–deydi adabiyotshunos Nilufar Tosheva.– U sinchkov nigoh egasi bo‘lgan. Uning har bir asarida o‘zi ko‘rgan, guvohi bo‘lgan va eshitgan hodisotlar haqida gap boradi. O‘tkir Hoshimov asarlari kitobxonlar hayotida yashab kelyapti. Ammo tadqiqotlarga muhtoj. Uning roman, qissa va hikoyalaridan tortib kichik ibratli sochmalarigacha o‘rganilishi, chuqur tahlil etilib, yosh adabiyotshunoslar etiboriga havola qilinishi kerak. Shuning barobarida badiiy adabiyotga kirib kelayotgan yoshlar qanday va nima haqida yozishni, ayniqsa, sharqona lutf va odobni yozuvchi asarlaridan o‘rgansa, yaxshi bo‘lardi.
Adib asarlarini qaytadan chop etish masalasi ilgari surilmoqda. Shuningdek, tarjima qilinib chet tillarida ham nashr ettirish rejalashtirilgan. Yaqinda O‘tkir Hoshimov asarlari Turkiyada chop etilgani quvonarli hol bo‘ldi.

– O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov hayoti va ijodi haqida o‘quvchilarga dars o‘tish juda juda maroqli,– deydi o‘qituvchi Asliddin Jarkinov.– Mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan taniqli yozuvchilarimiz asarlarini sahnalashtirishni yo‘lga qo‘ymoqdamiz. Qissa va ibratli sahna asarlarini ijtimoiy tarmoqlar orqali joylab kelyapmiz. Yangi o‘quv yili boshlanishi bilan O‘tkir Hoshimov asarlari asosida sahnalashtirilgan o‘quvchilarimiz chiqishlarini keng jamoatchilikka taqdim etamiz.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan Adiblar xiyobonida yozuvchi haykali poyida tadbirlar, adib xonadonida adabiyotshunos va talabalar ishtirokida adabiy kechalar muntazam o‘tkazilib kelinmoqda.
Adib tavalludining 80 yilligi munosabati bilan tadbirlar yil davomida davom etadi.
D. Mamatova, O‘zA