Ulardan ibrat olaylik, aziz zamondosh?
Shiddatli davrda yashayapmiz. Kechagi kun bilan bugunni taqqoslab bo‘lmay qoldi.
Qarashlar turfa. Ulug‘ maqsadlar atrofida birlashishdan ko‘ra, kichkina-kichkina “orzucha”larga erishish uchun telba-teskari ko‘chalarda “tentirab” yurganlar qancha.
Odamlar ertani o‘ylamaydigan, yengil-yelpi maqsadlar yo‘lida og‘irning ostidan, yengilning ustidan o‘tib ketadigan bo‘p qoldi. Zamon o‘zgarib ketdi, deb ayuhannos soluvchilar oramizda yo‘q emas. Aslida zamon emas, odamlarda qarashlar o‘zgardi. Jamiyatga, ro‘y berayotgan voqea-hodisalarga munosabatlarda evrilish ro‘y berdi.
Bu haqiqat. Ammo o‘sha “jin yo‘laklar”da daydib yurgan, odamlar orasiga “ola oralatayotgan”larning chalg‘ituvchi shov-shuvli “chang to‘poloni”ga aks tarzda sof va xalol intilishi, ibratli mehnati bilan ertangi yorug‘ kunlar yog‘dusini taratayotgan, hayotning naqadar go‘zalligini anglatib turganlar ham borki, ular doimiy tarzda xalqni, millatni bir maqsad atrofida jipslashishga, shaxdu shijoat ko‘rsatishga chorlab kelaveradi.
Kuni kecha davlatimiz rahbari Tokioda yakunlangan 16-paralimpiya o‘yinlarida Vatanimiz shuhratini ulug‘lash bilan birga, oddiy hayot jarayonida o‘z matonati, jasorati, irodasi bilan barchamizga ibrat bo‘layotgan fidoyi sportchilarimizni taqdirlash marosimida ta’kidlaganlaridek, “Ular taqdir sinovlariga mardona bardosh berib, sabr-toqat va shukronalik ruhi bilan, hayotda o‘z munosib o‘rnini topib yashayotganining o‘zi katta jasorat va qahramonlik namunasidir. Bunday insonlarning ibratli hayoti va faoliyati haqida xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz qanchalik ko‘p xabardor bo‘lsa, ulardan o‘rnak olib yashasa, bu jamiyatimizdagi ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirishga xizmat qiladi”.
Darhaqiqat shunday. Prezidentimiz deyarli kun ora shu haqda kuyinchaklik ko‘rsatayotgan, ommaviy axborot vositalari, intenet tarmoqlari irodali paralimpiyachilarning g‘alabalari haqida chiqishlar amalga oshirayotgan bo‘lsa-yu dahldorlik hissini sezmayotgan, “qulog‘iga gap kirmayotgan” odamlarning borligi achinarli hol.
Gapning rosti, xushxabarning qanoti bor deguvchi gaplar “otam zamonlarda” qolib ketdi. Bir paytlari “qizil davr”ning olata’sir kunlarida qishloqlarda, kolxozu sovxoz idoralarida, mahalla guzarlarida, maktabu bog‘chalarda, hattoki bozorlarda ham osma radio karnaylar bo‘lardiki, hamma- hamma narsadan xabardor edi, go‘yoki. Aslida esa o‘sha “kommunizm bayroqdorlari” nimani aytib, nimani aytmaslik tamoyilida ish ko‘rgan paytlar “Xushxabarning qanoti emas, do‘mbirasi ham bor” bo‘lib chiqardiki, beshikdagi bolaning ham xabardorligi ta’minlanardi.
Bugunchi? Bugun axborot oqimi hohlagan zaylda yetkazilayotgan, tarqatilayotgan davrda nega o‘sha ”eskilik sarqiti”dan foydalanmaslik kerak?
Har narsaning yomon tomoni bo‘lgani kabi, uning yaxshilik jihati ham mavjudligini inobatga olgan holda maktablar, mahalla guzarlari, bozoru keng ko‘chalarga shunday radio karnaylar o‘rnatilsa, odamlarning xabardorligi oshib, qilinayotgan ishlarga ozgina bo‘lsa-da, daxldorligi shakllanardi. Daxldorlik hissi esa o‘z-o‘zidan jamoatchilik orasida vatanparvarlik, oddiy insoniy his-to‘yg‘ularning shakllanishiga xizmat qilardi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev, matonatli sportchilar bilan uchrashuvda “afsuski, hozirgi vaqtda yoshlar orasida hayotda ozgina to‘siq yoki qiyinchilikka uchrasa, o‘zini yo‘qotib, umidsizlikka tushib qoladigan, nojo‘ya yo‘llarga kirib ketadigan yigit-qizlar ham yo‘q emas. Vatani, ota-onasi, Prezidenti ulardan ko‘p narsa kutayapti. Ular ham mening farzandlarim, yaxshisi ham, yomoni ham meniki. Sizlar orqali adashgan yoshlarni tarbiyalab olsak, bu mening eng katta g‘alabam”, deya ta’kidlashi ortidan mamlakatimizda “Matonat maktabi” tizimini joriy etish tashabbusini ilgari surishida ayni Vatanga daxldorlar safini kengaytirish, mamlakatimizni jahon hamjamiyatining rivojlangan davlatlari qatorida ko‘rishdek nekbin istak mujassam.
Shukr, qalb-qo‘ri ezguliklar bilan limmo-limlar oramizda bisyor. Shuning uchun ham yurtimizning ming-minglab yoshlari nafaqat sport sohasida, balki jamiyatning barcha qatlamlarida yuksak marralarni egallab kelmoqda. Qorako‘llik yosh matematiklar, farg‘onalik ixtirochi yoshlar, bugun o‘z biznes tizimini xorijiy mamlakatlar miqyosida joriy etayotgan namanganlik iste’dodlar, harbiy salohiyati bilan xalqaro armiya o‘yinlarida zafar quchayotganlar, bog‘u bo‘ston bunyodkorlari bo‘lgan yuzlab yosh avlod vakillari Yangi O‘zbekistonning yangi g‘alabalariga kamarbastaligini o‘z faoliyatlari bilan ko‘rsatib kelayotganlardandir.
Ularning ibratli hayot tarzi bir ko‘rinishda oddiy holdek gap. Biroq uning ortidagi mehnatu izlanishlar yerda yurgandek dor ustida bamaylixotir odim tashlayotgan darbozning harakati kabi jasorat namunasidir. Zotan, hassos shoirimiz Abdulla Oripov lutf etganlaridek,
Bulutlarga yondosh, osmon ostida
Kiprikdagi yoshday turibdi dorboz.
Qilichning damiday arqon ustida
Ko‘zlarini yumib yuribdi dorboz.
Odamlar, odamlar, uni olqishlang,
Qarang, u naqadar enchil va o‘ktam.
Biz-chi, eh... ba’zi bir ko‘zi ochiqlar
Eplab yurolmaymiz katta yo‘lda xam.

To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA