Uchtepalik otadan 40 mln. soʻm aliment pullari undirildi
Natijada 2020-yil 18-may kuni qarzdor N.S.dan 40 mln. 400 ming soʻm aliment pullari X.S.ga toʻliq undirib berildi.
Majburiy ijro byurosining Uchtepa tuman boʻlimi ish yurituviga Fuqarolik ishlari boʻycha Uchtepa tumanlararo sudining qarzdor N.S.dan undiruvchi X.S. foydasiga uch nafar voyaga yetmagan farzandlari taʼminoti uchun 1/2 qism miqdorida aliment undirish toʻgʻrisidagi ijro hujjati kelib tushgan.
Alimentchi ota N.S. 2017-yil aprel oyidan 2020-yilning aprel oyiga qadar boʻlgan davrda yaʼni 36 oy davomida voyaga yetmagan 3 nafar farzandlari uchun aliment pullarini toʻlamasdan kelgan. Sobiq turmush oʻrtogʻining bu eʼtiborsizligidan norozi boʻlgan undiruvchi X.S. Byuroning Uchtepa tuman boʻlimiga murojaat qilgan.
Karantin sharoitida 3 nafar voyaga yetmagan farzand taqdiriga eʼtiborsiz boʻlmagan MIBning tuman boʻlimi davlat ijrochilari darhol qarzdor otaga nisbatan majburiy ijro harakatlarini amalga oshirdi. Shuningdek, alimentchi otaga nisbatan olib borilgan toʻgʻri tushuntiruv va targʻibot suhbatlari yordam berdi.
Natijada 2020-yil 18-may kuni qarzdor N.S.dan 40 mln. 400 ming soʻm aliment pullari X.S.ga toʻliq undirib berildi. Undiruvchi karantin vaziyatida 3 nafar farzandi uchun 3 yillik aliment pullari tezkorlik bilan undirib berilganidan mamnun boʻldi.