Uchta klub qiziqish bildirgan Fernandesh «Manchester Yunayted»da qoladi
BBC ma’lumotiga ko‘ra, klub portugaliyalik futbolchi uchun yuboriladigan takliflarni ko‘rib chiqmaslikka qaror qilgan.
«Manchester Yunayted» Brunu Fernandeshni yozgi transferlar oynasida jamoada saqlab qolmoqchi. BBC ma’lumotiga ko‘ra, klub portugaliyalik futbolchi uchun yuboriladigan takliflarni ko‘rib chiqmaslikka qaror qilgan.
31 yoshli yarim himoyachiga so‘nggi kunlarda «Galatasaroy», «Yuventus» va «Milan» tomonidan qiziqish bildirilgan. Istanbul klubi bonuslar bilan birga 50 mln yevroga yetadigan taklif tayyorlagani aytilmoqda.
Biroq «Manchester Yunayted» rahbariyati jamoa sardorini hech qanday summa evaziga qo‘yib yubormasligini potensial xaridorlarga ma’lum qilgan. Klub Fernandeshni kelgusi mavsum uchun muhim futbolchilardan biri deb hisoblamoqda.
Mankunianliklarning hozirgi pozitsiyasi bir yil avvalgi qaroridan farq qiladi. O‘tgan yozda «Al-Hilol» portugaliyalik futbolchiga qiziqish bildirganida, «Yunayted» yakuniy tanlovni uning o‘ziga qoldirgandi.
Fernandeshning Manchester klubi bilan shartnomasi yana bir mavsum amal qiladi. U o‘tgan mavsum Premyer-ligada 21 ta golli uzatmani amalga oshirib, musobaqaning bir mavsumlik yangi rekordini o‘rnatgan.